Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda jamoat joyida shubhali shaxslarni elektron identifikatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi
Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan fuqarolar va boshqa shubhali shaxslarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Nizomga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilinayotgan fuqarolar va boshqa shubhali shaxslar quyidagi tartibda tekshiriladi:
- gumon qilinayotgan fuqaro yoki shubhali shaxs bilan suhbatlashishdan oldin xodim o‘zini tanishtiradi va xizmat guvohnomasini ko‘rsatish talab etilgan hollarda xodim tomonidan xizmat guvohnomasi fuqaroga to‘liq tanishib bo‘lgunga qadar ko‘rsatiladi, biroq ko‘rsatishni talab qilgan shaxsning qo‘liga ushbu guvohnomani berish taqiqlanadi;
- fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritishda, muomala madaniyatiga rioya qilgan holda “Ye-patrul” tizimi orqali identifikatsiyalash uchun, planshet yordamida shaxsning barmoq izlari planshetning maxsus skaneri yordamida, agar barmoq izi bilan identifikatsiya qilish imkoni bo‘lmasa, uning yuz tuzilishi (yuzning old tomoni) rasmga olish orqali tekshiriladi;
- gumon qilinayotgan fuqaro yoki shubhali shaxs bilan muloqotga kirishayotganda xodim hushyorlikni yo‘qotmasdan, o‘zini og‘ir, vazmin tutib, har qanday kutilmagan harakatga qarshi tayyor turishi lozim;
- gumon qilinayotgan fuqaro yoki shubhali shaxs bilan suhbat jarayonida xodim tamaki mahsulotlarini chekishi, biror narsani iste’mol qilishi, uyali aloqa vositasi orqali suhbatlashishi yoki shaxsga nisbatan hurmatsizlik deb qabul qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishi mumkin emas;
- taqdim etilgan hujjatlarni ehtiyotkorlik bilan ko‘zdan kechiradi, hujjatlarni tekshirayotganda uning ichida ishga taalluqli bo‘lmagan buyumlar bo‘lsa, ularni egasiga qaytaradi (noqonuniy buyumlar bundan mustasno).
Xodimlarga biriktirilgan planshetlar doimiy ravishda soz, batareya quvvati to‘ldirilgan va dasturiy-texnik ta’minoti ishchi holatda bo‘lishi lozim. Xodimlarga planshetlar “Ye-patrul” tizimiga kirish uchun mo‘ljallangan login va parol bilan birgalikda beriladi. Xodimlar xizmat vazifalaridan bo‘shatilganda planshet tegishli moddiy-texnik ta’minot uchun mas’ul xodimga topshiriladi.
Xodim o‘ziga biriktirilgan planshetni ish vaqti tugaganidan so‘ng (yoxud boshqa sabablarga ko‘ra planshetdan foydalanish zarurati mavjud bo‘lmagan hollarda) ichki ishlar organi rahbari belgilagan joy (mas’ul xodim)ga topshiradi hamda ushbu joy (mas’ul xodim)dan qabul qilib oladi.
Xodim huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etganlikda shubha uyg‘otgan shaxsning hujjatlarini tekshirish, uni so‘roq qilish vaqtida undan bir qadam uzoqlikda va yarim burilgan holda hujumni qaytarish uchun shay holatda bo‘lishi kerak.
Olingan audio-, videoyozuvlar quyidagi muddatlarda saqlanadi: jinoyatlar bo‘yicha – 5 yil; ma’muriy huquqbuzarliklar va nazorat tekshiruv tadbirlari bo‘yicha – 1 yil; jinoyat va huquqbuzarliklar alomatlarini o‘z ichiga olmagan boshqa holatlar bo‘yicha – 1 oy.
Bodikameraga olingan audio-, videoyozuvlardan jinoyat, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarda hamda zarurat tug‘ilganda xizmat tekshiruvi o‘tkazishda dalil sifatida foydalanilishi mumkin va ular tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning so‘roviga asosan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ish materiallari bilan birga yuboriladi.
Mavzuga oid
19:42 / 02.12.2025
Jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi belgilandi
18:40 / 07.08.2025
Hayvonlarni majburiy ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun bir yildan keyin kuchga kiradi
18:52 / 06.08.2025
It, mushuk, qoramol va boshqa hayvonlarni ro‘yxatga olish talablari belgilandi
12:23 / 28.05.2025