Nashr Nikolay, Vitalik va Ivan, DevOPS-muhandis Anton, iOS-dasturchi Ivan va Python-dasturchi Dmitriy, aytichi Sergey va ismlari sir saqlanishini so‘ragan yana ikki mutaxassis bilan suhbatlashdi.

Nima uchun O‘zbekiston?

Suhbatdoshlar turlicha javob qaytarishdi: Gruziyaga ketishni rejalashtirgan, ammo Toshkentda kompaniyaning ofisi bor edi; O‘zbekistonda yashash arzon deb o‘ylagan; Samarqand, Buxoroni ko‘rishni anchadan buyon orzu qilgan.

Ivan O‘zbekistonga 1 mart kuni oilasi bilan kelgan va Turkiyaga ketishni rejalashtirmoqda. Uning aytishicha, O‘zbekistonda yashash juda qimmat. Nikolay ham O‘zbekistonni «boshqa mamlakatga ketish uchun o‘tkazuv punkti» deb hisoblaydi.

Ularning ko‘pchiligi uchun sharoitlar jozibali bo‘lib tuyulgan. O‘zbekistonda xususiy korxona ochib, o‘z-o‘zini band qilgan shaxs maqomini olish yoki mahalliy IT-park rezidenti bo‘lib, 7,5 foiz daromad solig‘ini to‘lash mumkin. Kompaniya buning uchun O‘zbekiston hududida yuridik shaxs tashkil etishi, «iqtisodiy asoslangan biznes-rejasi bo‘lishi va faoliyatini maxsus ro‘yxatga asosan amalga oshirishi lozim».

O‘zbekistonga qanday kelishdi?

Nikolay Toshkentga 15 mart kuni Rossiya orqali kelgan. «Moskvadan uchdim, bojxonada so‘roq qilishdi, kelishdan maqsadim, kim bo‘lib ishlayman, keyinchalik O‘zbekistonda ishlaymanmi va hokazo. Telegram, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarimni ko‘rishdi. Qo‘rqinchli emas, lekin yoqimsiz holat».

Boshqa qahramonlarni hech kim so‘roq qilmagan, ammo chipta olish muammo bo‘lgan. DevOPS-muhandis Antonni xotini, uch farzandi va ikkita iti bilan kompaniya olib kelgan.

Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab aytichilarni aeroportda mahalliy IT-park vakillari kutib olmoqda: ularni mikroavtobuslarda mehmonxonaga olib ketishmoqda.

Bank kartasi olish: 10 daqiqa va 10 dollar

Bank kartasi olish muammo emas: Anton 10 dollarga va 10 daqiqa ichida MasterCard, 10 dollarga va 3 daqiqa ichida mahalliy Uzcard kartasini olgan. Qolganlar karta ochishmagan – 1 aprelni kutishgan. Shu kundan «aytichilarning ishga joylashishi uchun yengilliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan». O‘zbekiston axborot sohasidagi investorlar, IT-kompaniyalar muassislari va mutaxassislarga hamda ularning oila a’zolariga IT-viza berishni rejalashtirgan. Jismoniy shaxslar uch yillik viza olishlari mumkin.