Bucha «aysbergning uchi» bo‘lishi mumkin, sharqdagi hududlar aholisidan qochish so‘ralmoqda. Ukrainadagi urushdan so‘nggi ma’lumotlar
AQSh va Yevroittifoq sanksiyalarni kengaytirmoqda, ammo G‘arb hozircha Rossiya energiya resurslaridan to‘liq voz kechmoqchi emas, NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlari Bryusselda yig‘ildi, Pentagonning yuqori martabali amaldori mojaro bir necha yilga cho‘zilishini taxmin qildi, Zelenskiy Rossiya ochlikdan qurol sifatida foydalanayotganini aytdi.
Zelenskiy: Buchadagi hodisalar - genotsid
Seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bosqini boshlanganidan buyon ilk bor BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida chiqish qildi. Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik askarlar odamlarni ko‘chalarda ham, uylarida ham otgan, jasadlarni quduqqa tashlagan, «shunchaki ko‘ngilxushlik uchun» yo‘l o‘rtasida tank bilan bosib o‘tgan.
U rossiyalik harbiylarning harakatlari terrorchilarnikidan qolishmasligi haqidagi gaplarini takrorlab, farqi Rossiya BMT Xavfsizlik kengashiga a’zoligida ekanini ta’kidlagan. Zelenskiy Rossiyaning BMTdagi rolini shubha ostiga olib, Rossiya bosqini butun global xavfsizlik tuzilmasiga putur yetkazganini qayd etgan.
Avvalroq Ukraina nashrlariga bergan intervyusida ham Zelenskiy Buchadagi hodisani genotsidga tenglashtirgandi: «Biz bu genotsid ekaniga, ular hammasi uchun jazolanishi kerakligiga ishonamiz». Ikki tomonlama muloqot haqida gapirar ekan, Zelenskiy Putin bilan uchrashuv bo‘lmasligi mumkinligini aytdi. Ammo uning fikricha, Buchada sodir bo‘lgan voqealarga qaramay, Ukraina muzokaralarni davom ettirishi kerak. «Ushbu pozitsiya bilan birga uchrashuv imkoniyatini topish, uchrashuvda vaziyatdan chiqish yo‘lini topish kerak va bu yo‘lda hududlarimiz boy berilmasligi zarur deb hisoblaymiz», degandi Zelenskiy. U barcha harbiy jinoyatchilar jazolanishini va’da qildi.
Zelenskiy shuningdek mamlakat shimolidan ketgan rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan yanada dahshatli jinoyatlarga duch kelinishi mumkinligidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevdan shimoldagi hududlarda natsistlar bosqinidan buyon kuzatilmagan ishlar bo‘lib o‘tgan.

ANADOLU AGENCY
Zelenskiyning hisoblashicha, Borodyanka shahri boshqalaridan ko‘ra ko‘proq jabrlangan bo‘lishi mumkin.
Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa Varshavadagi matbuot anjumanida Bucha - «aysbergning uchi» ekanini aytdi va Rossiyaga qarshi qat’iy sanksiyalar qo‘llashni talab etdi.
«Biz so‘nggi haftalarda guvoh bo‘lgan ishlar Rossiya vahshiyliklar va ommaviy qotilliklar sodir etishda terrorchilardan yomonroq ekanini ko‘rsatadi», degan u BBC uchun bergan intervyusida.
«Ochlik - qurol»
Chorshanba kuni Zelenskiy Rossiya ochlikdan hududlarni egallash uchun qurol sifatida foydalanayotgani haqida aytdi.

Irlandiya parlamenti qarshisida chiqish qilar ekan, u raketa zarbalari ukrainlarning omon qolishiga imkon bermayotgani, Rossiya kuchlari Ukrainaning barcha portlari va eksport uchun oziq-ovqat tashuvchi kemalari yo‘llarini to‘sib qo‘yganini ma’lum qildi.
Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilishda dunyodagi yetakchi mamlakatlardan sanaladi va Zelenskiy Rossiyaning harakatlari butun dunyoda oziq-ovqat yetishmovchiligiga va millionlab odamlar uchun xarajatlar ortishiga olib kelishini aytdi.
«Ular uchun ochlik - bu bizga, oddiy odamlarga qarshi qurol», dedi Zelenskiy.
U Rossiyaning Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmalariga to‘xtovsiz hujumlari, jumladan Mariupoldagi vaziyat haqida batafsil gapirib berdi, bu shaharda odamlar endi qor erishidan hosil bo‘lgan suvlardan ichimlik suvi sifatida foydalanish imkonidan ham mahrum bo‘lishgan.
Zelenskiy Irlandiyaning siyosiy yetakchilarini o‘z ta’siridan foydalangan holda YeIning boshqa mamlakatlarini Rossiyaga qarshi yanada qat’iyroq sanksiyalar qo‘llashga undashga chaqirgan. «Biz Yevropani Rossiya nefti Rossiya harbiy mashinasini yangi moliyalashtirish manbalari bilan to‘yintira olmasligi kerakligiga ishontirishimiz kerak», deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy va Rossiya banklarini G‘arbdagi moliya tizimlaridan butkul uzib qo‘yishga chaqirgan.
Yangi sanksiyalar
AQSh va YeI Ukrainaning Bucha shahridagi harbiy jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar fonida Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritmoqda.
Oq uy xabariga ko‘ra, Vashington Putinning ikki qiziga nisbatan, shuningdek Rossiyaning yirik banklariga qarshi sanksiyalar qo‘llamoqda. Vashington, «Katta yettilik» va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kelishilgan bu choralar Rossiya banklariga qarshi qaratilgan va Rossiyaga yangi investitsiyalarni taqiqlashni nazarda tutadi.
Avvalroq YeI yangi sanksiyalar haqida e’lon qilgan, ammo ish hozircha Rossiyadan gaz va neft sotib olishga embargo qo‘yishgacha yetib bormagan.
Shu bilan birga Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen shunday degan: «Bu so‘nggi sanksiyalar emas. Endi biz Rossiyaning qazib olinadigan yonilg‘i mahsulotlaridan oladigan daromadlari bilan shug‘ullanishimiz kerak».
Sanksiyalar tufayli Rossiyaning rivojlangan dunyodan uzilishi yanada kuchayadi, ammo neft va gaz sotishda davom etadi, eng asosiy bozor - Yevropaga energiya resurslari yetkazib berish evaziga kuniga 650 mln yevrodan ortiq daromad ko‘radi.
YeI sanksiyalari Rossiyadan ko‘mir sotib olishni (yiliga 4 mlrd yevrolik) va Rossiya kemalari YeI hududidagi portlarga kirishini taqiqlashni, shuningdek, qariyb 20 milliard yevrolik (21,77 milliard dollar) mahsulotlar savdosini to‘xtatishni nazarda tutadi.
Boshqa davlatlar - Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiya ham sanksiyalarni kuchaytirishga qaror qilgan.
Yangi Zelandiya chorshanba kuni Rossiyadan import qilinadigan mahsulotlarga 35 foizlik boj joriy etilishi va Rossiya strategik sanoati bilan bog‘liq sanoat mahsulotlari eksportiga taqiqni uzaytirishini e’lon qildi.
Niderlandiya hukumati shu kuni rossiyaliklarga aloqadorligi gumonlangan 14 yaxta qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Amerikaning mikrochiplar ishlab chiqaruvchi Intel kompaniyasi Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi.
Buchadan Vatikanga keltirilgan Ukraina bayrog‘i

Rim papasi Fransisk Buchadan olib kelingan ukrain bayrog‘ini o‘pdi. U bayroqni namoyish etganida Vatikandagi audiyensiyaga yig‘ilganlar buni olqishlashdi. Vatikanga ukrainalik bolalarning ham bir guruhi kelgan va ular ham olqishlar bilan qarshi olindi.
«Bu bayroq urush hududidan, jabrdiyda shahar Buchadan keldi. Bugun ukrainalik bolalarning bir guruhi biz bilan. Keling, ularni olqishlaylik va ular bilan birga ibodat qilaylik», dedi Fransisk.
«Ikkinchi jahon urushidan keyin yangi tinch davr uchun poydevor yaratishga harakat qilindi. Ammo, afsuski, biz o‘z xatolarimizdan saboq olmadik. Buyuk davlatlar raqobatining eski tarixi davom etmoqda», deya qo‘shimcha qilgan u.
Harbiy hisobotlar
Ukraina qurolli kuchlarining har kungi ma’lumotida keltirilishicha, Rossiya asosiy kuchlarini Donetsk va Lugansk oblastlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish uchun safarbar qilmoqchi.
Buyuk Britaniya mudofaa vazirligining so‘nggi razvedka ma’lumotlariga asoslanib xabar berishicha, Mariupol shahri uchun qaqshatqich janglar va ushbu shaharga aviazarbalar berilishi davom etmoqda.
Rossiya artilleriyasi chorshanba kuni Mariupol va Xarkovni o‘qqa tutgan.

Mariupol bosqinning dastlabki kunlaridan buyon deyarli har kuni o‘qqa tutiladi, natijada bu shaharda o‘n minglab kishilar oziq-ovqatsiz, ichimlik suvisiz va elektrsiz qolishgan.
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda gumanitar vaziyat kundan kunga yomonlashmoqda. Shahardagi 160 ming kishining aksari svet, aloqa, dori-darmon, issiqlik va suvsiz qolgan. Rossiya kuchlari gumanitar yordam kirishiga to‘sqinlik qilmoqda va bu katta ehtimol bilan shahar himoyachilari taslim bo‘lishiga olib keladi.
Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk chorshanba kuni hukumat qamaldagi hududlardan 11 gumanitar yo‘lak orqali evakuatsiya qilishga urinib ko‘rishi haqida ma’lum qilgan, shu bilan birga qamaldagi Mariupoldan chiqishni istagan odamlar o‘z avtomobillaridan foydalanishiga to‘g‘ri kelishi aytilgan.
O‘z navbatida, Rossiya mudofaa vazirligi chorshanba tongida yonilg‘i saqlanuvchi beshta baza yo‘q qilingani, 24 ta harbiy obektga zarba berilgani va ukrainlarning to‘rtta droni urib tushirilgani haqida xabar berdi.
Donbass yo‘nalishi
Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk jonli efirda Xarkov, Donetsk va Lugansk oblastlari aholisidan «imkon borligida» xavfsiz hududlarga evakuatsiya bo‘lishni so‘radi.
Vitse-premerning so‘zlariga ko‘ra, ushbu uch region rahbarlari oblastlar chegaralarini tark etishni so‘ragan va ayni vaqtda evakuatsiyani tashkil etish bilan shug‘ullanmoqda.
«Buni hozir qilish kerak, chunki keyin odamlar zarbalardan halok bo‘lish xavfi ostida qolishadi. Ular bunga qarshi hech narsa qila olishmaydi va biz ham yordam qila olmaymiz. Chunki zarbalarni qaytarishning amalda imkoni bo‘lmaydi. Imkoniyat borligida, hozir evakuatsiya bo‘lish kerak. Hozircha shunday imkon bor», degan Vereshchuk.
NATO Ukrainaga yordam masalasini muhokama qiladi
NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlari Bryusselda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasida muhokamalar o‘tkazish uchun ikki kunlik sammitga yig‘ilgan.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, alyans Moskva Ukraina sharqidagi Donbass hududlarini egallash uchun qat’iy harakatlar boshlaydi. Shu bilan birga Stoltenberg alyans Ukrainaga quruqlik qo‘shinlari yoki aviatsiya kuchlari jo‘natmoqchi emas.
Seshanba kuni Pentagon Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 100 million dollar miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam, jumladan tankka qarshi «Javelin» tizimlari jo‘natilishini ma’lum qilgandi.
Britaniya razvedkasi ma’lumotlari
Britaniya razvedkasining yangi hisobotiga ko‘ra, Ukraina qo‘shini Rossiya armiyasining rejalarini barbod qilishga, ularni Kiyev shimoli va Chernigov atrofidagi pozitsiyalarini tashlab chekinishga majburlab, mamlakat shimolidagi muhim hududlar ustidan nazoratni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Britaniyalik ekspertlarning hisoblashicha, bu hududlardan chekingan harbiy qismlarning aksarida Ukraina sharqiga qayta jo‘natilishdan oldin qaytadan jihozlanish va to‘ldirilishga katta zarurat bor.
AQSh qo‘mondonligi: Ukrainadagi mojaro bir necha yil davom etishi mumkin
Qo‘shma Shtatlar Rossiya tajovuzidan himoyalanish uchun Sharqiy Yevropada harbiy bazalari sonini ko‘paytirib, o‘z harbiy ishtirokini kengaytirish masalasini ko‘rib chiqishi kerak, dedi Amerika harbiy qo‘mondonligining eng yuqori martabali vakillaridan biri, AQSh armiyasi generali Mark Milli.
AQSh harbiy kuchlari qo‘mondonlar shtabi qo‘mitasi raisi Mark Millining bu taklifi seshanba kuni kechqurun kongressmenlar qarshisidagi chiqishida yangradi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Pentagon Yevropada joylashtirilgan harbiy kontingentlari sonini qayta ko‘rib chiqishga, ehtimol Amerikaning mintaqadagi ishtirokini oshirish yoki qo‘shinlarning bir qismini shu yerga joylashtirishga qaror qilgan.
Generalning fikricha, yangi doimiy bazalarni joylashtirmay, vaqtinchalik kontingentlarni doimiy rotatsiya qilib, chora ko‘rish ham mumkin. Mark Millining ishonch bildirishicha, bunday kengaytirishni moliyalashtirishni Sharqiy Yevropa davlatlari - Polsha, Ruminiya va Boltiqbo‘yi davlatlari mamnuniyat bilan zimmasiga oladi.
General shuningdek Ukrainadagi mojaroga shu yilning o‘zida barham berilmasligi haqida fikr bildirgan: «O‘nlab yillar haqida gapirmayman, ammo kamida bir necha yilligi - aniq».
Milli o‘z pozitsiyasini Moskva ancha vaqtdan beri va doimiy ravishda AQSh va NATOdan Yevropadagi harbiy ishtirokini kamaytirishni talab qilib kelishi bilan izohlagan - bu esa, uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi mojaro cho‘zilishi va Ukraina sarhadlaridan tashqariga ham chiqishini anglatadi.
Pekin muzokaralarga chaqirgan
Pekin Ukraina mojarosiga muzokaralar yo‘li bilan yechim topishni taklif qilmoqda. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan telefon muloqoti chog‘ida aytib o‘tgan.
Bu tomonlarning bir oydan buyon bu darajadagi ilk telefon muloqoti bo‘ldi, mart oyi boshida Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba Xitoydan Rossiya bosqinini to‘xtatish uchun Moskvaga ta’siridan foydalanishni so‘ragandi.
«Urush ertami kechmi yakunlanadi. Asosiysi – bu og‘riqdan qanday omon chiqish va Yevropada xavfsizlikning muvozanatli, samarali va barqaror mexanizmini o‘rnatish», degan Van I suhbatdoshiga.
Shu bilan birga, Ukraina bilan do‘stona diplomatik va yaqin savdo aloqalariga ega bo‘lishiga qaramay Xitoy hamon Rossiyaning hujumini qoralamayapti va Moskvaning harakatlarini bosqin deb atamayapti.
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Islandiyada harakatga kelgan vulqon sabab aholi evakuatsiya qilinmoqda
Jahon | 00:13
-
Avstraliyada suv toshqinlari oqibatida 100 mingdan ortiq chorva nobud bo‘ldi
Jahon | 23:24 / 01.04.2025
-
Xitoyda birinchi marta operatorlarga uchar taksilardan foydalanishga ruxsat berildi
Fan-texnika | 23:16 / 01.04.2025
-
Ukrainada 20 km masofaga ucha oladigan optik tolali FPV-dronlar sinovdan o‘tkazildi
Jahon | 23:14 / 01.04.2025
Mavzuga oid

22:53 / 21.02.2025
500 milliard dollarlik nafrat: Tramp nega Zelenskiyni yomon ko‘rib qoldi?

18:04 / 21.02.2025
Urush va saylov: Ukrainada hozir kimning reytingi baland?

13:20 / 09.12.2024
Axios: Tramp Zelenskiy bilan Parijda uchrashishni istamagan

17:12 / 08.12.2024