Rossiyani eng uzoq vaqt boshqarish bo‘yicha Brejnevning natijasini yangilab, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan Vladimir Putin 2019 yil Ukrainadagi saylovni yutib prezident bo‘lgan Volodimir Zelenskiyni nolegitim deb atashni shablon ritorikaga aylantirdi. Bu gap Donald Trampga shunchalik yoqib qoldiki, oxirgi chiqishlarida uni tez-tez takrorlayapti.
Chindan Zelenskiyning prezidentlik vakolatlari o‘tgan yil tugashi, 2024 yil 31 mart kuni saylov o‘tkazilishi kerak edi. Biroq Kiyev urush holatida bo‘lgani uchun saylovni bekor qilgan. Endi kimsan Amerika va Rossiya Kiyevdan saylov o‘tkazishni talab qilmoqda. Moskva Zelenskiy saylovda yuta olmasligiga Vashingtonni astoydil ishontirgan ko‘rinadi. Bo‘lmasa Tramp Zelenskiyning reytingi 4 foizga tushib ketgan deb aytmagan bo‘lardi.
Ukrainani saylovga undashdan asosiy maqsad esa tabiiyki, Moskvaga moyil nomzod g‘olib bo‘lishiga umid qilishdir. Balki biror o‘ylab qo‘yganlari ham bordir, axir Kiyevdan saylov o‘tkazishni talab qilayotgan odamlar orasida saylovda yutishning piri bo‘lib ketgan gigant siyosatchilar bor.
Xo‘sh, Ukrainada saylov bo‘lsa, unda kimlar qatnashishi va g‘olib bo‘lishi mumkin? Bu borada hozircha hech kimda aniq tasavvur yo‘q. Biz ham faqat oxirgi so‘rovlarga asoslangan taxminlarni keltiramiz.
Valeriy Zalujniy
Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, hozir mamlakatning Kiyevdagi elchisi bo‘lib ishlayotgan Valeriy Zalujniy hech qanday piar kampaniya olib bormaydi, uning imiji ustida polittexnologlar ishlamaydi, elchixonaga ham shevronli yashil kurtkada borib qo‘yaveradi. Ammo general Zalujniy shubhasiz 2022 yil 24 fevraldan buyon ukrainlar eng qattiq ishonadigan odam. Axir sarosimaga tushgan mamlakat kapitulyatsiya bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay uni saqlab qolgan qo‘mondon aynan Valeriy Zalujniy edi. Uning xizmatlarini Zelenskiy ham ko‘p marta ta’kidlagan.
Active Group o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, ukrainlar ishonch bildirishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hamon Zalujniyga tegishli. Uning reytingi 61 foizdan balandroq va bu juda zo‘r ko‘rsatkich. Jurnalistlar Zalujniydan saylovda qatnashasizmi deb so‘rashdi, general hozir bu haqda gapiradigan vaqt emasligini aytdi.
Kirilo Budanov
Xuddi shu ijtimoiy tashkilot o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra 50 foizdan ko‘proq ukrainaliklar mamlakat bosh razvedkachisi Kirilo Budanovga ishonadi. General Budanov 2020 yildan buyon Ukraina mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi rahbari vazifasida ishlab keladi.















