Jahon | 16:11 / 07.04.2022
20899
2 daqiqa o‘qiladi

NYT: NATO davlatlarida Rossiyaga nisbatan keyingi munosabatlar borasida kelishmovchilik bor

NATOga a’zo davlatlar Ukrainada davom etayotgan urush sharoitida Rossiya bilan munosabatlarda keyingi qadamlar bo‘yicha o‘zaro kelisha olmayapti. Bu haqda G‘arbdagi yuqori martabali amaldorlar orasidagi manbalariga tayangan holda The New York Times xabar bergan.

Nashr manbalariga ko‘ra, Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha Rossiya bilan munosabatlarni to‘liq uzish va «Rossiyani tiz cho‘ktirish»ga qaratilgan choralarni ko‘rishni talab qilmoqda. Ular Rossiya g‘alaba sifatida ko‘rishi mumkin bo‘lgan har qanday narsa Yevropa xavfsizligiga jiddiy putur yetkazishidan xavfsiramoqda.

Bu vaqtda Fransiya, Germaniya va Turkiya Rossiya armiyasiga qarshi ilgari surilayotgan harbiy jinoyatlar bo‘yicha ayblovlarga qaramay, Vladimir Putin bilan aloqalarni davom ettirishni istamoqda.

6—7 aprel kunlari Bryusselda NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda muhokama qilinayotgan mavzulardan biri alyansning Ukrainadagi vaziyat bilan bog‘liq harakatlaridir.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass The Telegraph nashridagi maqolasida Rossiya va NATO o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi ta’sis akti endi ahamiyatini yo‘qotgani, «uning davri o‘tgani» haqida yozdi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg harbiy harakatlar maydonidagi vaziyat bo‘yicha izoh berarkan, Ukrainadagi urush «kritik fazaga kirgani»ni aytgandi. Shimoliy Atlantika alyansi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Donbassni to‘liq egallash va Qrimgacha quruqlikdagi yo‘lak ochishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid