Jahon | 16:23 / 14.04.2022
8987
2 daqiqa o‘qiladi

Japarov chegaraga oid bahslarni prezidentligi yakunlanguniga qadar hal qilmoqchiligini aytdi

Sadir Japarov 12 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasida otishma sodir bo‘lganidan so‘ng Qirg‘iziston xalqiga murojaat qildi.

Foto: RIA Novosti

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasiga vakolat muddati yakuniga yetguniga qadar nuqta qo‘yish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

«Ha, chegara muammolari bor. O‘ttiz yildan buyon yechilmayotgan muammo katta ehtiyotkorlikni talab qiladi. Muzokaralar o‘tkazilmoqda. Xudo xohlasa, bu masalani prezidentligim yakunlanguniga qadar hal qilmoqchiman», - deyiladi Japarovning Facebook sahifasidagi murojaatida.

Japarov shuningdek, Qirg‘iziston jurnalistlari va blogerlarini Qirg‘iziston bilan chegara muammolari mavjud qo‘shni mamlakatlar rahbarlarini haqorat qilmaslikka chaqirdi.

«Qo‘shni mamlakatlar bilan nizoli masalalarda chalg‘ituvchi va bu mamlakatlar rahbarlarini haqorat qiluvchi turli video va fotomateriallarni tarqatmang. Bu axloqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydi. Bu bilan vaziyatni chigallashtirasiz va ikki xalq o‘rtasiga nifoq solasiz», - dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Sadir Japarov 12 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasida otishma sodir bo‘lganidan so‘ng Qirg‘iziston xalqiga murojaat qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma oqibatida bir nafar tojik chegarachisi halok bo‘lgan.

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid