O‘zbekiston | 08:38 / 23.04.2022
6558
3 daqiqa o‘qiladi

Tarkibi bir xil bo‘lgan dorilarni bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli nomlar ostida ishlab chiqarishga cheklov bekor qilinadi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qaror loyihasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sertifikatlashtirishni takomillashtirish, ularning xorijiy davlatlar, qo‘shni davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilishida tadbirkorlik sub’yektlariga qulayliklar yaratishga qaratilgan.

Qaror loyihasining qabul qilinishi natijasida quyidagi aniq maqsadlarga erishiladi:

  • farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish, aholini samarali va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmlarini, ilmiy-texnik va eksport salohiyatini oshirish;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizini qoplab berish;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni cheklanmagan muddatga amalga oshirish, avval berilgan guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng qo‘shimcha hujjatlar talab qilmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz bo‘lgan guvohnomalarga almashtirib berish;
  • respublika hududida vakolatli tashkilot tomonidan rasmiylashtirilgan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”ga ega mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini va “ISO:13485” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy buyum va texnikani majburiy sertifikatlashtirish tartibini bekor qilish;
  • mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining talablarga muvofiqligini postmarketing nazorati va ixtiyoriy sertifikatlashtirish orqali amalga oshirish;
  • tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovni bekor qilish;
  • respublika aholisini sifatli, xavfsiz va bezarar dori vositalari bilan ta’minlashni yanada kuchaytirish hamda sifatsiz mahsulot import qilinishining oldini olish maqsadida xorijiy dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotganda ishlab chiqaruvchi korxonalarning “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartiga muvofiqligini o‘rganish bo‘yicha inspeksiyalar o‘tkazish.

Mavzuga oid

E`lonlar