Jahon | 18:12 / 27.04.2022
15593
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada 9 yilga qamalgan amerikalik talaba 2010 yildan buyon AQSh qamog‘ida saqlanayotgan rossiyalik uchuvchiga almashildi 

Konstantin Yaroshenko 2010 yilda AQSh sudi tomonidan 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, 2020 yilda Moskvaning Golovinskiy sudi Trevor Ridni to‘qqiz yil umumiy koloniyada jazo o‘tashga hukm qilgandi. 

Trevor Rid va Konstantin Yaroshenko / Foto: AP/TASS

Rossiya va AQSh o‘rtasida rossiyalik uchuvchi Konstantin Yaroshenkoni amerikalik talaba Trevor Ridga almashuv o‘tkazildi.

«Uzoq davom etgan muzokaralar jarayonidan so‘ng 27 aprel kuni ilgari Rossiya Federatsiyasida hukm qilingan Trevor Raudi Ridni Rossiya fuqarosi Konstantin Yaroshenkoga almashuv bo‘lib o‘tdi», — deyiladi Rossiya tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Yaroshenko 2010 yilda AQSh sudi tomonidan yirik partiyadagi kokainni tashishga tayyorlanganlikda ayblanib 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. 

2020 yilda Moskvaning Golovinskiy sudi politsiyachilar bilan mushtlashgan Ridni to‘qqiz yil umumiy koloniyada jazo o‘tashga hukm qilgandi. 

Konstantin Yaroshenko 2010 yil 28 mayda Amerika hukumati so‘rovi bilan Liberiyada qo‘lga olingan va AQShga deportatsiya qilingan. U Venesueladan AQShga kokain olib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblangan. 2011 yil sentabrda sud Yaroshenkoni aybdor deb topgan va 20 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Uchuvchining o‘zi aybiga iqror bo‘lmagan.

Yaroshenko 2014 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, vatanga qaytishda yordam berishini so‘ragan. Uchuvchi AQSh hukumati uni qo‘lga olish uchun «noqonuniy operatsiya» o‘tkazgani, uni qiynashgani, «yolg‘on ayblov» bilan sud qilishganini aytgan.  

28 yoshli Trevor Rid 2019 yilda Moskvada ikki ayol bilan janjallashayotganida ushlangan. Rid qo‘lga olish vaqtida qarshilik ko‘rsatgan. 2020 yil yozida sud uni politsiyaga qarshi zo‘ravonlik qilgani uchun to‘qqiz yillik koloniya jazosiga hukm qilgan. Rid qo‘lga olingan vaqtda mast bo‘lganini aytib, aybini tan olmagan. 

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilda Jyenevada Putin bilan uchrashuvi davomida 2020 yilda Rossiyada josuslikda ayblanib 16 yilga qamalgan Pol Uilanni AQShga qaytarish masalasi muhokama qilingan. Rossiya prezidenti bu borada murosaga kelish mumkinligini aytgan.

Moskva 2008 yilda Bangkokda qo‘lga olinib, AQShga ekstraditsiya qilingan va 25 yilga qamalgan Viktor Butni ham qaytarishga erishmoqchi. U kolumbiyalik jangarilarga yirik partiyada qurol sotish uchun til biriktirganlikda ayblangan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid