19:06 / 28.04.2022
8682

Rossiya ikki oy ichida YeIga 44 mlrd yevrolik yonilg‘i sotdi

Ekspertlarning qayd etishicha, Rossiya Yevropaning energiya mustaqilligidan foyda ko‘rmoqda. Sotuv hajmining pasayishi narxlar o‘sishi hisobiga qoplanmoqda.

Foto: Chromorange

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon dengiz va quvurlar orqali 63 mlrd yevrolik yonilg‘i eksport qildi, deb xabar berdi DW

Energetika va toza havo tadqiqotlari markazining (CREA) ma’lumot berishicha, Germaniya (9,1 mlrd yevro), Italiya (6,9 mlrd yevro), Xitoy (6,7 mlrd yevro), Niderlandiya (5,6 mlrd yevro), Turkiya (4,1 mlrd yevro) va Fransiya (3,8 mlrd yevro) eng yirik importyorlar hisoblanadi.

Yevroittifoqqa umumiy hajmning 71 foizi (44 mlrd yevro) miqdorida xomashyo yetkazib berilgan.

Qayd etilishicha, YeIga neft yetkazib berish 20 foizga, ko‘mir 40 foizga kamaygan. Suyultirilgan tabiiy gaz yetkazish 40, quvurlar orqali gaz sotib olish 10 foizga oshgan.

YeIga kirmaydigan mamlakatlarga neft sotish 20, ko‘mir va suyultirilgan gaz eksporti mos ravishda 30 va 80 foizga oshgan. 

CREA ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Yevropaning energiya mustaqilligidan foyda ko‘rmoqda. Sotuv hajmining pasayishi narxlar o‘sishi hisobiga qoplanmoqda.

Ekspertlar sanksiyalar ta’sirini kuchaytirish va "rossiyalik harbiylarning jinoyatlariga barham berish" uchun YeIga barcha xaridlarni to‘xtatishni tavsiya qilgan.

Top