Oʻzbekiston fuqaro aviatsiyasi tarixida yigirmadan oshiq aviahalokatlar roʻy bergan. Ularning asosiy qismi sobiq ittifoq davrida, bir nechtasi mustaqillik yillarida sodir boʻlgan. Mustaqillik yillarida sodir boʻlgan aviahalokatlar ham sobiq ittifoqda ishlab chiqarilgan eski samolyotlar bilan roʻy bergan. Ana shulardan biri 1999-yilda Toʻrtkoʻl aeroporti yaqinida sodir boʻlgan Yak-40 samolyotining halokati hisoblanadi.

Oʻshanda Yak-40 samolyoti uchuvchilari Toʻrtkoʻl aeroportiga qoʻnish chogʻida xatoga yoʻl qoʻyadi. Oqibatda samolyot aeroport chegarasidan chiqib ketib, qoʻshni hududga qulab tushadi. Bu hodisada ikki nafar yoʻlovchi halok boʻladi va yana bir qanchasi turli darajada tan jarohatlari oladi. Yak-40 esa yaroqsiz holga keladi.

Foto: Pinterest

Yak-40 samolyotlari

1960-yilda SSSR ministrlar soveti Il-12 va Il-14 samolyotlari oʻrniga zamonaviy samolyot ishlab chiqarish haqida qaror qabul qiladi. Shundan soʻng Aleksandr Yakovlev boshchiligida konstruktorlik byurosi yangi samolyot loyihasi ustida ishlay boshlaydi. 1964-yilda loyiha tayyor boʻladi va unga Yak-40 deb nom berishadi. 1965-yilda Yak-40 ning ilk nusxasi ishlab chiqariladi. Samolyot sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtadi va uni ishlab chiqarishga ruxsat berishadi.

Foto: moscow-post.com

Mazkur samolyot qisqa masofalarga uchishga moʻljallangan boʻlib, uning turli rusumlari 27 nafardan 40 nafargacha yoʻlovchi oʻrniga ega boʻlgan. Samolyotga 3 nafar ekipaj aʼzosi va bir nafar bort kuzatuvchi xizmat koʻrsatgan.

Yak-40 samolyotlari olti ming metr balandlikkacha koʻtarila olgan. Uning maksimal tezligi soatiga 546 kilometrni tashkil etsa-da, samolyot parvoz vaqtida soatiga 300-400 kilometr tezlikda uchgan. Yak-40 ixcham boʻlgani uchun kichik aeroportlarga ham bemalol qoʻna olgan.

Yak-40 samolyotlaridan 1966-81-yillar oraligʻida 1 000 donadan oshiq ishlab chiqarilgan. Mazkur samolyot texnik jihatdan ancha mukammal boʻlgani uchun ularning bir qismi xorijga ham sotilgan. Sotsialistik mamlakatlar bilan birga uni dunyoning turli qitʼalaridagi koʻplab davlatlar ham sotib olgan.