Jahon | 21:00 / 21.05.2022
16020
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlandiya rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi

Finlandiya va Shvetsiya 18 may kuni NATOga kirish uchun ariza topshirdi. Anqara ularning alyansga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqmoqda. 

Sauli Niinistyo, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Magdalena Andersson

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Anderssonni terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish chorasini ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda «Onado‘lu» agentligi xabar berdi.

«Shvetsiyaning terrorchi tashkilotlarni siyosiy, moliyaviy va harbiy qo‘llab-quvvatlashi to‘xtatilishi lozim»,— deyiladi Turkiya ma’muriyatining Shvetsiya bosh vaziri bilan telefon orqali o‘tkazilgan muloqot yakuni bo‘yicha xabarida.

Shuningdek, Erdo‘g‘an Andersson bilan muloqoti davomida 2019 yilda Turkiya Suriyaga bostirib kirganidan Anqaraga nisbatan qurol eksportiga joriy etilgan embargo bekor qilinishi kerakligini aytdi.

Xabar qilinishicha, Erdo‘g‘an shuningdek, Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokara o‘tkazgan.

Niinistyoning so‘zlariga ko‘ra, u Erdo‘g‘an bilan «ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri» muzokara olib borgan.

«Finlandiya terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishini qoralaydi. Muloqot davom etmoqda»,— degan Sauli Niinistyo.

Finlandiya va Shvetsiya 18 may kuni NATOga kirish uchun ariza topshirdi. Anqara bu mamlakatlarni terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan Kurdiston ishchilar partiyasini qo‘llab-quvvatlashda ayblab, ularning alyansga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqmoqda. 

Mavzuga oid