O‘zbekiston | 19:48 / 31.05.2022
18525
3 daqiqa o‘qiladi

Endilikda telefon so‘zlashuvlari tergovchining qarori bilan darhol olinishi mumkin

Deputatlar ko‘rib chiqayotgan qonun loyihasi bilan abonentlar o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotlarni surishtiruvchi, tergovchining prokuror sanksiya bergan qarori asosida olinishi, qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab maxsus vakolatli davlat organi tomonidan darhol ijro qilinishi nazarda tutilmoqda. 

Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bugungi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqib, ma’qullandi.

Palata matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tahlillarda jinoyatlarni fosh etishda muhim dalil hisoblangan abonentlar o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotlarni olishning amaldagi tartibi va muddatlari jinoyatlarni «issiq izidan» fosh etishda, haqiqatni aniqlashda bir qator qiyinchiliklarni hamda xorijiy mamlakatlarning huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovlarini ijro qilishda murakkabliklarni yuzaga keltirayotgani ma’lum bo‘lgan.

Ya’ni, amaldagi tartibga ko‘ra, abonentlar o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotlar tezkor-qidiruv tadbirlari davomida olinadigan axborotlar toifasiga kirib, ular «tergovchi – tezkor-qidiruv faoliyati organi – prokuror – tezkor-qidiruv faoliyati organi – maxsus vakolatli davlat organi» tizimi asosida olinadi.

«Shuningdek, axborotlarni maxsus vakolatli davlat organidan so‘rovnoma asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri olish imkoniyatining yo‘qligi tezkor-qidiruv organlari tomonidan so‘rovnoma ijrosini ta’minlash uchun ham alohida tezkor-qidiruv ishi yuritishga va ish hajmining sun’iy oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda», - deyiladi axborotda.

Ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi bilan abonentlar o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risida axborotni olish bilan bog‘liq harakatlar tergov harakatlari doirasiga kiritilmoqda va axborotlarni olishning tartibi belgilanmoqda.

Ya’ni, endilikda axborotlar surishtiruvchi, tergovchining prokuror sanksiya bergan qarori yoki sudning ajrimi asosida olinishi, qaror yoki ajrim qabul qilingan vaqtdan boshlab maxsus vakolatli davlat organi tomonidan darhol ijro qilish choralari ko‘rilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasining to‘liq matni quyi palata tomonidan e’lon qilinmagan.

Mavzuga oid