O‘zbekiston | 12:08 / 31.05.2022
13134
3 daqiqa o‘qiladi

1 iyundan aksiz solig‘ining o‘zgarishi “O‘zbekneftgaz” AYoQShlarida benzin narxini oshirmasligi ma’lum qilindi

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, soliq oshishi AI-80 benzinining bir litriga o‘rtacha 71 so‘mgacha ta’sir qilishi mumkin.

Foto: "O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

“O‘zbekneftgaz” AJ 1 iyundan neft mahsulotlariga aksiz solig‘i stavkalarining oshishi ortidan benzin narxi oshishiga doir xabarlarga munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid 2021 yil 29 dekabrdagi qonunga muvofiq, quyidagi neft mahsulotlari va yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalariga joriy yil 1 iyundan o‘zgartirishlar kiritilmoqda:

a) neft mahsulotlariga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • 1 tonna Ai-80 markali avtobenzin: amalda – 240 000 so‘m, 1 iyundan – 275 000 so‘m (o‘zgarish 35 000 so‘m yoki 15 foiz);
  • 1 tonna Ai-90 va undan yuqori markali avtobenzin: amalda – 275 000 so‘m, 1 iyundan – 275 000 so‘m (o‘zgarishsiz);
  • 1 tonna dizel yonilg‘isi: amalda – 240 000 so‘m, 1 iyundan – 264 000 so‘m (o‘zgarish 24 000 so‘m yoki 10 foiz);
  • 1 tonna EKO dizel yonilg‘isi: amalda – 216 000 so‘m, 1 iyundan – 237 600 so‘m (o‘zgarish 21 600 so‘m yoki 10 foiz).

b) yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • benzin: amalda – 465 530 so‘m / tonna yoki 350 so‘m / litr, 1 iyundan – 512 000 so‘m yoki 385 so‘m / litr (o‘zgarish 46 470 so‘m yoki 35 so‘m / litr yoki 10 foiz);
  • dizel yonilg‘isi: amalda – 425 918 so‘m / tonna yoki 350 so‘m / litr, 1 iyundan – 468 000 so‘m / tonna yoki 385 so‘m / litr (o‘zgarish 42 082 so‘m yoki 35 so‘m / litr yoki 10 foiz).

“Yuqoridagi o‘zgarishlar AI-80 benzini misolida ko‘rilganida, AYoQShlarda o‘rtacha narx tarkibidagi mavjud soliq va boshqa majburiy to‘lovlar o‘rtacha 71 so‘mgacha (QQS bilan) bo‘lgan miqdorda chakana narxiga ta’sir qilishi mumkin.

Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi UNG Petro AYoQShlarida 1 iyundan aksiz soliqlari bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgarishlar hisobiga bugungi kunda 1 litri 6 800 so‘mni tashkil qilayotgan Ai-80 markali avtobenzinning chakana narxi oshmaydi”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, AYoQShlarda benzin narxlari o‘tgan hafta oshdi. Xususan, “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida AI-80 markali benzin 6500 so‘mdan 6800 so‘mga ko‘tarildi.

Mavzuga oid