O‘zbekiston | 07:48 / 04.06.2022
10071
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda MDH davlatlari moliyaviy razvedka bo‘linmalari rahbarlarining majlisi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida MDHga a’zo davlatlarning moliyaviy razvedka bo‘linmalari rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qilmoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhining 36-yalpi majlisi haftaligi doirasida joriy yil 3 iyun kuni MDHga a’zo davlatlar moliyaviy razvedka bo‘linmalari rahbarlari kengashining 19-majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu kengash majlisi Yevrosiyo guruhi raisi Yu.Chixanchin rahbarligi ostida o‘tkazilib, unda kengash a’zolari, ekspertlar, kuzatuvchilar (Turkmaniston, Hindiston) va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Majlis doirasida kengashga a’zo davlatlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda bu boradagi o‘zaro hamkorlikning keyingi bosqichlarini nazarda tutuvchi kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Xalqaro raqamli ilmiy-ta’lim platformasini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga hamda ommaviy qirg‘in qurollarining tarqatilishiga qarshi kurashish sohasidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida axborot almashish tizimini yaratish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh faoliyati sarhisob qilinib, uning kelgusidagi vazifalari belgilab berildi.

Majlis yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi va navbatdagi majlisni o‘tkazish joyi va sanalari kelishib olindi.

Mavzuga oid