O‘zbekiston | 14:12 / 13.06.2022
8411
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz tanqid qilgan mansabdor ishdan olindi, “SS-LAB” MChJning davlat tibbiyot muassasalaridagi faoliyati to‘liq tugatildi

Aksilkorrupsiya agentligining ma’lum qilishicha, 2018 yildan beri pulli xizmat ko‘rsatib kelgan “SS-LAB” MChJning Toshkentdagi 54 ta shifoxonada aholiga pulli xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatiga nuqta qo‘yilgan. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mansabdorlariga chora ko‘rilgan.

Foto: Getty Images

Aksilkorrupsiya agentligi Kun.uz maqolasidan keyin Toshkent shahar SSBB amaldorlarining 4 yillik “biznesi”da korrupsiyaga yo‘l qo‘yilganini tasdiqlagandi. Agentlikning ma’lum qilishicha, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yilgan.

“O‘rganish natijalariga ko‘ra, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mansabdor shaxslari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, holat yuzasidan Agentlik tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuzaga kelgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf qilishga qaratilgan taqdimnoma kiritilgandi.

Shunga asosan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishiga imkoniyat yaratib bergan va sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarga qonunchilikka muvofiq jazo choralari qo‘llandi.

Jumladan, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi hamda qolgan o‘rinbosarlarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy javobgarlik bilan bog‘liq jazo choralari qo‘llandi”, deyiladi agentlik axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

Qayd etilishicha, “SS-LAB”ning Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalar va tibbiyot muassasalarida aholiga pulli xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati to‘liq tugatilgan.

Ma’lumot uchun, “Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tibbiy diagnostika laboratoriyasi” MChJ 2018 yilda tashkil etilgan. Unga tegishli laboratoriyalar 4 yildan beri Toshkent shahridagi 35 ta oilaviy poliklinika, 9ta tuman tibbiyot birlashmasi, 6ta tug‘uruq kompleksi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, shahar birinchi va uchinchi klinik shifoxonalarida aholiga pulli laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatib kelgan.

Vaholanki, 2018 yilgacha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalarida fuqarolar uchun laboratoriya klinik va bioximiya tahlillari bepul bo‘lgan.

Kompaniya ta’sischilari – uch nafar sobiq va amaldagi mulozimlar bo‘lishgan:

Botirbek Isabekov (33,40 foiz) — 2019-2020-yillarda Toshkent shahar SSBB boshlig‘i, yaqin kunlargacha SSBB boshlig‘ining o‘rinbosari;

Anvar Rahimov (33,30 foiz) — muqaddam Toshkent shahar SSBBda ishlagan, 2022 yil mart holatiga SSBB tasarrufidagi “Tibbiy ko‘rik bo‘limi” DUK direktori;

Ulug‘bek Egamberdiyev (33,30 foiz) — 2022 yil fevral oyigacha Toshkent shahar SSBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz bu holat haqida ilk marta bundan bir yil oldin xabar bergan, lekin o‘shanda na Sog‘liqni saqlash vazirligi, na prokuratura va na Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bunga e’tibor qaratgandi.

Bundan uch oy oldin mazkur holatga yana bir bor e’tibor qaratilib, SSVda vazir o‘zgarganidan keyin bu tanish-bilishchilikka chek qo‘yilishi kutilayotgani haqida ma’lum qilindi.

Sobiq sog‘liqni saqlash vazirlari Alisher Shodmonov va Abduhakim Hojiboyev davrida bu yirik ehtimoliy korrupsion holatga e’tibor bermay kelingan.

Avvalroq tibbiyotda yangi monopoliya yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkinligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 178ta laboratoriya bitta operator – “Intermed Innovation”ga berilgani haqida yozgan edik.

Bunga javoban mart oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi surishtiruv boshlaganini xabar qilgandi. Oradan 3 oy o‘tgan bo‘lsa-da, surishtiruv natijalari yuzasidan ma’lumot berilganicha yo‘q.

Mavzuga oid