Jahon | 18:51 / 17.06.2022
16319
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy 1 iyuldan Rossiya bilan viza rejimi joriy etilishini e’lon qildi

Volodimir Zelenskiy viza rejimi joriy etilishini Ukraina «milliy xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga nisbatan misli ko‘rilmagan tahdidlarga qarshi kurash chorasi» deb atadi.

Foto: Getty Images

Ukraina 2022 yil 1 iyuldan boshlab rossiyaliklar uchun viza rejimini joriy etadi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi, deb xabar berdi Forbes. 

Zelenskiyning bildirishicha, u Ukraina vazirlar mahkamasiga Rossiya fuqarolari uchun mamlakatga kirish rejimini ko‘rib chiqishni taklif qilgan va bu boradagi qaror 17 iyun kuni qabul qilinishi lozim.

Zelenskiy viza rejimi joriy etilishini Ukraina «milliy xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga nisbatan misli ko‘rilmagan tahdidlarga qarshi kurash chorasi» deb atadi.

Mamlakat vazirlar mahkamasi Ukraina va Rossiya hukumatlari o‘rtasidagi ikki mamlakat fuqarolarining vizasiz harakatlanishi to‘g‘risidagi kelishuvning bekor qilinishi bo‘yicha qaror qabul qilishi lozim.

Rossiyaliklar uchun viza joriy etish taklifi shu yilning 11 fevralida internetda petitsiya ko‘rinishida paydo bo‘lgandi. Zelenskiy buni may oyi oxirlarida qo‘llab-quvvatladi va bosh vazir Denis Shmigalga bu masala ustida ish olib borish topshirig‘ini berdi. 

Rossiya bilan viza rejimini joriy etish va diplomatik munosabatlarni uzish taklifi Oliy rada deputatlari tomonidan 2014 yilda ham berilgan, ammo o‘shanda bu taklif amalga oshmagandi.

Mavzuga oid