Jahon | 08:24 / 20.06.2022
9193
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya 2015 yilgi G7 sammiti bo‘yicha maxfiy hujjatlar sizib chiqishini tekshirmoqda 

Nemis rasmiylarining fikricha, so‘l ekstremistik qarashlar tarafdorlari bilan bog‘liq portal 2015 yilda «katta yettilik» sammitida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha politsiyaning maxfiy materiallarini e’lon qilgan.

Foto: DW

Germaniya kansleri Olaf Shols boshchiligida 26-28 iyun kunlari Bavariyaning Elmau saroyida bo‘lib o‘tadigan G7 sammiti boshlanishidan biroz oldin Germaniya politsiyasining 2015 yilda xuddi shu saroyda bo‘lib o‘tgan «katta yettilik» sammitini tashkil etishga oid maxfiy hujjatlari e’lon qilindi. 19 iyun, yakshanba kuni ertalab ular Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi (BfV) fikricha, so‘l ekstremistik qarashlar tarafdorlari bilan bog‘liq saytda e’lon qilindi.

Bayerische Rundfunk huquqiy radiosi birinchi bo‘lib maxfiy hujjatlarning sizib chiqishi haqida xabar berdi. Ayni paytda, xavfsizlik idoralaridagi bir qancha manbalar Dpa agentligiga ularning haqiqiyligini tasdiqladi. Politsiya voqea yuzasidan tergov olib bormoqda. 

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, gap hibsga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar, politsiya mashinalarining xavfsizligini ta’minlash va deeskalatsiya tushunchasi haqida bormoqda. Bundan tashqari, ayrim yuqori martabali politsiya xodimlarining mobil telefon raqamlari, shuningdek, politsiya tomonidan foydalaniladigan raqamli aloqa kanallari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi. 

Bu ma’lumotlarni internetda birinchi bo‘lib kim e’lon qilgani noma’lumligicha qolmoqda. 2015 yilda «katta yettilik» sammitida xavfsizlikni 18 ming politsiyachi kuzatib borgan. 

Bavariya ichki ishlar vaziri Yoaxim Xerrman ma’lumotlar sizib chiqqanini izohlar ekan, politsiya ushbu holat hozircha bu yilgi sammit xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi deb hisoblayotganini ma’lum qildi.

2022 yilda Germaniya Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yaponiyani o‘z ichiga olgan «katta yettilik» sammitiga raislik qiladi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning so‘zlariga ko‘ra, Berlin raisligi davridagi markaziy masalalardan biri iqlim o‘zgarishi muammosini hal qilish bo‘ladi. 

Mavzuga oid