Olti oyda 41 kishi korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergani uchun rag‘batlantirildi - BP
Rag‘batlantirilgan shaxslarning bergan xabarlariga ko‘ra, 36 ta holatda pora olish va 5 ta holatda budjet mablag‘larini talon-toroj qilish jinoyatlari fosh etilgan.
Bosh prokuratura tomonidan joriy yilning 1-yarmida jami 41 nafar shaxslar korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergani yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgani sababli rag‘batlantirilgan
“Rag‘batlantirilgan shaxslarning bergan xabarlariga ko‘ra, 36 ta holatda pora olish va 5 ta holatda budjet mablag‘larini juda ko‘p miqdordagi qiymatda talon-toroj qilish jinoyatlari fosh etilib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Bosh prokuratura barcha fuqarolarni jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda faol ishtirok etishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori bilan Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqacha tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Unga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lganda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:
- o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs yoki o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar (Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti)ga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilsa;
- korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi (huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno).
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqacha tarzda ko‘maklashgan shaxslar 3 BHMdan 25 BHMgacha (900 ming so‘mdan 7,5 mln so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkin.
Agar pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, mukofot quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
- ancha miqdor uchun – mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;
- ko‘p va juda ko‘p miqdor uchun – mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.
Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgani uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.
Shaxslarni rag‘batlantirish masalalari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar huzurida tuziladigan maxsus komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Maxsus komissiya qarori asosida bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘asi bilan taqdirlash haqida qaror 1 ish kunida chiqariladi. Pul mukofoti xarajatlar smetasiga o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng 15 ish kuni ichida shaxslarning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
2021 yilda O‘zbekistonda sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trillion 282 milliard so‘m (qariyb 118 million dollar) zarar yetkazilgan. Zararning 887 milliard so‘mi yoki 69,1 foizi undirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha poytaxt kengashi majlisida Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonovga ko‘ra, Toshkent shahri ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha respublikada eng korrupsiyalashgan hudud bo‘lib qolmoqda. 2021 yil davomida poytaxtda 184 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 82 mlrd 638 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
2021 yilda 91 nafar davlat xizmatchisi pora olgan, ulardan 49 nafari – rahbar, 8 nafari rahbar o‘rinbosari. Eng ko‘p poraxo‘rlik ichki ishlar tizimida. O‘tgan yili eng kam pora miqdori 50 dollar, eng kattasi 200 ming dollarni tashkil etgan.
Mavzuga oid
17:40 / 12.11.2024
Andijonda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i va kadrlar bo‘limi boshlig‘i ushlandi
17:35 / 11.11.2024
Namanganda to‘yona ko‘rinishida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘i 5 yilga qamaldi
17:42 / 05.11.2024
Toshkent viloyatida MIB, soliq, bojxona xodimlari pora bilan ushlandi
19:09 / 28.10.2024