12:32 / 15.06.2022
27013

O‘zbekistonda eng ko‘p korrupsiya Toshkent shahrida ekani ma’lum qilindi

Toshkent shahri ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha respublikada eng korrupsiyalashgan hudud bo‘lib qolmoqda. Bu haqda kecha, 14 iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha poytaxt kengashi majlisida Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov ma’lum qildi.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Burhonovga ko‘ra, Toshkent shahrida 2021 yil davomida 184 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 82 mlrd 638 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.

Poytaxtda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Uchtepa (33), Mirobod (25), Chilonzor (20), Mirzo Ulug‘bek (20) va Yashnobod (18) tumanlariga to‘g‘ri keladi.

“Shahar korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘tgan 3 oyda (fevral-aprel) respublikada eng yuqori o‘rinlarni egallab turibdi. Xususan, fevral oyida 37 ta, va mart oyida 50 ta jinoyat ishi bilan 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, aprel oyida 69 ta jinoyat ishi bilan 1-o‘rinni egalladi.

Reytingning yana bir asosiy indikatorlaridan biri bo‘lgan budjet mablag‘laridan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Xususan, fevral oyi reyting natijasiga ko‘ra 16 ta nazorat obektida 5 mlrd 740 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha respublikada 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, mart oyida 80 ta nazorat obektida 29 mlrd 23 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi bilan bog‘liq holatda respublikada 2-o‘rinni band qilgan”, – deya Akmal Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

“Korrupsiya holatlariga duch kelganmisiz?” mavzusidagi so‘rovda shaharda yashovchi respondentlarning 26 foizi “Ha” deb javob bergan va bu – Buxoro viloyatidan keyingi ikkinchi yuqori ko‘rsatkichdir.

Agentlik rahbariga ko‘ra, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilayotganlik ehtimoli bo‘yicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yil mart va aprel oylarida O‘zbekistonda jami 244 ta shu mazmundagi xabarlar e’lon qilingan bo‘lsa, shundan 124 tasi yoki 50 foizi Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahri – Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p murojaat qiladigan hududlardan biri bo‘lib, 2022 yil birinchi choragida jismoniy va yuridik shaxslardan shu mazmundagi jami 4 372 ta yoki har 100 ming aholi soniga o‘rtacha 45 ta murojaat kelib tushgan.

Poytaxtdagi 40ga yaqin eng muhim, vakolatli boshqarma, tashkilot rahbarlarini o‘zida jamlagan Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining faoliyati ham maqtanarli darajada emas.

“Shahar korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi biror tashabbus bilan chiqmayapti. Biz buni 2021 yil yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining reyting baholash natijalariga ko‘ra Toshkent shahri ma’lumotlarni kechiktirib va belgilangan talablarga zid ravishda taqdim etgani uchun umuman baholanmagani va Respublika hududlari orasida oxirgi o‘rinni band etganidan ham ko‘rishimiz mumkin.

Iyun oyi yakunida 2022 yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha xuddi shunday hududlar baholanadi va barcha natijalar OAVda e’lon qilinadi hamda Milliy kengash yig‘ilishida muhokama qilinadi. Bu davr uchun ijobiy natija ko‘rsatadi degan umiddamiz”, – dedi aksilkorrupsion organ rahbari Akmal Burhonov.

Top