Jahon | 15:19 / 18.07.2022
14204
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Ukrainadagi urushni qo‘l qovushtirib kuzatib o‘tirmaydi - Van I

Xitoy TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Pekin Ukrainadagi urushda ishtirok etmaydi, biroq vaziyatni passiv kuzatmoqchi ham emas. Uning salbiy ta’siri butun dunyoga tarqaldi, deya qo‘shimcha qildi Van I. 

Van I / Foto: globaltimes

Xitoy Ukrainadagi urushda ishtirok etmaydi, lekin vaziyatni kuzatib, «qo‘l qovushtirib» o‘tirmoqchi emas. Bu haqda XXR tashqi ishlar vaziri, davlat kengashi a’zosi Van I vengriyalik hamkasbi Peter Siyyarto bilan telefon orqali muloqoti yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Bayonot matni 17 iyul, yakshanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi. 

Van I Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar nafaqat Yevropaga jiddiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi. Salbiy nojo‘ya ta’sirlar butun dunyoga tarqaldi, dedi TIV rahbari. U 7-8 iyul kunlari Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tgan «katta yigirmatalik» G-20 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Xitoy global oziq-ovqat va energiya xavfsizligi muammosini hal qilish bo‘yicha takliflarni ilgari surganini eslatdi. 

Xitoy diplomatining qo‘shimcha qilishicha, Pekin «Ukraina inqirozi»ning «o‘tiga yog‘ quymoqchi emas». Xitoy TIV rahbari mustahkam tinchlikka erishish uchun barcha tomonlar muvozanatli, samarali va barqaror Yevropa xavfsizlik arxitekturasini yaratish masalasini muhokama qilishi kerakligiga ishonch bildirdi.

Xitoy TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Piter Siyyarto Xitoy hech qachon Yevropaga raqib bo‘lmagani, balki hamkorlik uchun imkoniyatlar ochadigan sherik bo‘lganini bildirgan. Vengriya bundan keyin ham Yevropa ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni o‘zaro hurmat, adolat va manfaatlar asosida rivojlantirish tarafdori bo‘ladi, deya Siyyartoning so‘zlarini keltirgan Xitoy tomoni.

Xitoy Ukrainadagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlab, ushbu muammoni muzokaralar yo‘li bilan hal etishga e’tibor qaratadi, dedi Van I 8 iyul kuni rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan Indoneziyadagi uchrashuvda. Global beqarorlik sharoitida Xitoy va Rossiya barqaror va strategik jihatdan mustahkam munosabatlarni namoyish etmoqda, deya qo‘shimcha qildi xitoylik diplomat. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid