Jahon | 15:45 / 20.07.2022
3853
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiyadan yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar tufayli gaz iste’molini 15 foizga qisqartirmoqchi

Yevropa ittifoqi gazni tejash rejasini tayyorlamoqda. Yevrokomissiya YeI davlatlarini ko‘k yonilg‘i iste’molini ixtiyoriy ravishda 15 foizga kamaytirishni taklif qilmoqchi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Foto: Reuters

Rossiyadan gaz yetkazib berish to‘xtatilishidan xavotirda bo‘lgan Yevroittifoq a’zo davlatlarga avgust oyidan boshlab tabiiy gaz iste’molini ixtiyoriy ravishda 15 foizga kamaytirishni taklif qilmoqchi. Bu haqda Bloomberg agentligi 19 iyul, seshanba kuni Yevrokomissiya 20 iyulda taqdim etishi kerak bo‘lgan «Xavfsiz qish uchun gazni tejash» rejasiga ilova qilingan qarorga asoslanib xabar bermoqda. 

Ushbu reja doirasida, agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, isitish va sovitish xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, bozorga asoslangan chora-tadbirlar tavsiya etiladi. 

Bloomberg’ning yozishicha, Yevrokomissiyaning dastlabki bahosiga ko‘ra, qish qattiq kelsa, YeI yalpi ichki mahsulotining 1,5 foizigacha bo‘lgan qismi xavf ostida qoladi. 

Agentlikning yevropalik diplomatlar orasidagi manbalariga ko‘ra, ta’minotning jiddiy tanqisligi yoki talabning keskin ortishi xavfi katta bo‘lgan taqdirda Yevrokomissiyaga butun YeI bo‘ylab ogohlantirish e’lon qilish huquqi beriladi, deb taxmin qilinmoqda. Ushbu reja Yevroittifoqqa a’zo davlatlar tomonidan tasdiqlanishi kerak. 

Budjet masalalari bo‘yicha yevrokomissar Yoxannes Xanning jurnalistlarga bildirishicha, Yevrokomissiya «Shimoliy oqim» gaz quvurining 21 iyuldan keyin – rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatishning rasmiy muddatidan keyin qayta tiklanishini kutmayapti. Shundan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Shimoliy oqim» orqali gazni tortish quvvatning 1/5 qismiga, ya’ni kuniga 33 million kubometrgacha qisqartirilishi mumkinligini aytdi. Bu, agar Siemens gaz turbinalaridan biri o‘z resurslari tugaganidan keyin Kanadada ta’mirlanganiga almashtirilmasa, yuz beradi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid