Jahon | 18:35 / 22.07.2022
13023
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Yevropoldan Ukrainaga berilgan qurollar Yevropa qora bozorida sotilayotgani borasida dalil so‘radi 

Avvalroq Yevropol Ukrainadan Yevropa ittifoqi mamlakatlariga o‘qotar qurol va o‘q-dorilar kontrabandasi amalga oshirilayotganini qayd etgani xabar qilingandi. 

Foto: Anadolu Agency

Ukraina milliy mudofaa va xavfsizlik kengashi kotibi Aleksey Danilov mamlakat hukumati Yevropoldan Yevropaga qurol kontrabandasi amalga oshirilayotganini isbotlovchi dalillarni kutayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropol rasmiy vakillari bilan batafsil muloqot o‘tkazilishi kutilmoqda. Danilov muloqot doirasida Ukrainaga berilgan qurollar Yevropa qora bozorida sotilayotgani borasida fakt va dalillar taqdim etilishini taxmin qilmoqda. 

«Tezkor axborot almashish va harakat qilishdan manfaatdormiz», — dedi u. 

Avvalroq Yevroittifoq politsiya xizmati (Yevropol) jinoiy tarmoqlar Ukrainadan Yevropa ittifoqi mamlakatlariga «katta miqdordagi o‘qotar qurol va o‘q-dorilar» kontrabandasi bilan shug‘ullanayotganini qayd etgani xabar qilingandi.  

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari Ukrainadan ayrim shaxslar o‘qotar qurollar bilan chiqib ketishga uringani bo‘yicha bir qator holatlardan xabardor. Politsiya xizmati Ukrainaning YeI bilan chegarasida kontrabanda uchun yashirin joylar tashkil etilganini ham taxmin qilmoqda.

Yevropol vakili Yan Op Gen Oortning dpa agentligiga xabar berishicha, qora bozorda Ukrainadan kelgan o‘qotar qurollar va boshqa harbiy tovarlar savdosi hollari kuzatilgan. Ayrim YeI davlatlarining huquq-tartibot idoralari og‘ir qurollar savdosini ham istisno etmayapti.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid