Yevropol Ukrainadan YeI davlatlariga qurol kontrabandasi haqida xabar berdi
Yevroittifoq politsiya xizmati qora bozorda qurol-yarog‘ savdosi holatlari haqida xabar berdi. Bundan tashqari, Yevropol ma’lumotlariga ko‘ra, qurollar chegaradan ukrainalik qochqinlar tomonidan olib o‘tilmoqda.

Foto: Reuters
Jinoiy tarmoqlar Ukrainadan Yevropa ittifoqi mamlakatlariga «katta miqdordagi o‘qotar qurol va o‘q-dorilar» kontrabandasi bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda Yevroittifoq politsiya xizmati (Yevropol)ning YeI kengashiga yuborilgan maxfiy hisobotida aytiladi, deya xabar berdi Germaniyaning SWR ommaviy-huquqiy mediakompaniyasi. Hisobotda Ukrainadagi urush oqibatlari va Yevroittifoq uchun terrorchilik tahdidlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari Ukrainadan ayrim shaxslar o‘qotar qurollar bilan chiqib ketishga uringani bo‘yicha bir qator holatlardan xabardor. Politsiya xizmati Ukrainaning YeI bilan chegarasida kontrabanda uchun yashirin joylar tashkil etilganini ham taxmin qilmoqda.
Yevropol ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘p sonli qochqinlarni qabul qilgan ba’zi davlatlar qochqinlarning ba’zilari o‘zini himoya qilish maqsadida o‘qotar qurol olib yurganidan xavotirda. Politsiya, shuningdek, ba’zi ukrainaliklarni sotish yoki tovarlar yoki xizmatlarga almashtirish uchun chegaradan qurol olib o‘tganlikda gumon qilmoqda. Xususan, qurollar taksida yurish uchun «to‘lov» sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkinligiga oid holatlar qayd etilgan.
Yevropol vakili Yan Op Gen Oortning dpa agentligiga xabar berishicha, qora bozorda Ukrainadan kelgan o‘qotar qurollar va boshqa harbiy tovarlar savdosi hollari kuzatilgan. Ayrim YeI davlatlarining huquq-tartibot idoralari og‘ir qurollar savdosini ham istisno etmayapti. «U uyushgan jinoiy guruhlar yoki terrorchilar qo‘liga tushib qolishi xavfi bor», — dedi Yevropol vakili.
Darknetda, uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniyaning Javelin olib yuriluvchi zenit-raketa majmuasi sotuvga qo‘yilgan. Shu bilan birga, Yevropol bunday takliflar «g‘arb qurollarini yetkazib berishga salbiy munosabatni shakllantirish maqsadida Rossiya tashviqotining bir qismi» bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.
Yevroparlamentda So‘llar partiyasidan bo‘lgan germaniyalik deputati O‘zlem Demirel Ukrainaga bundesver tomonidan yetkazib berilayotgan qurollar ham noqonuniy yo‘llar bilan YeIga kirib kelishi yoki qora bozorga tushishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Bundestagdagi «Ittifoq-90/yashillar» fraksiyasi raisi o‘rinbosari Konstantin fon Nots kontrabandaning oldini olish uchun quroldan foydalanish ustidan samarali nazoratni joriy etish zarur, degan fikrni ilgari surdi.
Avvalroq, ichki ishlar bo‘yicha yevrokomissar Ilva Yoxansson mafiya va turli jinoiy guruhlar, xuddi Yugoslaviyadagi harbiy mojaro paytida bo‘lgani kabi, Ukrainadan qurol-yarog‘ olish imkoniyatiga ega bo‘lishidan YeI tashvishda ekani haqida ma’lum qilgandi. Uyushgan jinoyatchilikning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Yevrokomissiya Moldova hukumati bilan birgalikda respublika ichki xavfsizligi va chegaralarini boshqarish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash markazini ishga tushirdi.
«Rossiyaning bosqinchilik urushi YeIda ham, Moldovada ham ichki xavfsizlikka tahdidlarning kuchayishiga olib keldi. Moldova o‘zining geografik joylashuvi tufayli Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining jinoiy va xavfsizlik oqibatlarini boshqarishda muhim rol o‘ynashi kerak», - deya ma’lum qilishdi Yevrokomissiyada.
Mavzuga oid

20:22 / 19.05.2025
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilishdan oldin Zelenskiy bilan gaplashdi

15:50 / 19.05.2025
Italiya 400 ta foydalanishdan chiqarilgan zirhli transportyorini Ukrainaga beradi

15:01 / 19.05.2025
Putin urushda «Rossiya uchun kerakli natija»ni ma’lum qildi

09:00 / 19.05.2025