Bolgariya prezidenti parlamentni tarqatib yubordi va muddatdan oldingi saylovlar haqida e’lon qildi
Bolgariya prezidenti Rumen Radev hukmron koalitsiya parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotgani va hukumatga ishonchsizlik votumi qabul qilinganidan keyin yangi parlament saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi.
Bolgariya prezidenti Rumen Radev mamlakat parlamenti tarqatib yuborilgani va muddatidan oldingi parlament saylovlari 2 oktyabrga belgilanganini e’lon qildi. Tegishli farmon 1 avgust, dushanba kuni davlat rahbari saytida paydo bo‘ldi.
«Prezident Rumen Radev 2 avgustdan 47-Xalq majlisini tarqatib yuborish va Xalq majlisiga saylovni 2022 yil 2 oktyabrga tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi», — deyiladi xabarda.
Bolgariya Xalq majlisi tarqatib yuborilishi parlamentning yevropaparast Kiril Petkov hukumatiga ishonchsizlik votumi e’lon qilgani va yangi vazirlar mahkamasini shakllantirish bo‘yicha kelisha olmagani ortidan yuz berdi. Ilgari Petkov boshchiligidagi hukmron so‘l-liberal koalitsiya «Bunday xalq bor» populistik partiyasi tark etganidan so‘ng parlamentda ko‘pchilik o‘rinni yo‘qotgan edi.
Boshqa farmon bilan Radeyev, shuningdek, ilgari davlat rahbari ma’muriyatida kotib lavozimini egallagan Gilib Donev boshchiligidagi texnik hukumatni tayinladi. Bu Ukrainadagi urush va Rossiyadan gaz yetkazib berish to‘xtatilishi tufayli yuqori inflatsiyaga duch kelgan mamlakatdagi iqtisodiy muammolar fonida ro‘y berdi, deb yozadi Reuters.
Yangi vazirlar mahkamasi 2 avgustdan navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkaziladigan vaqtgacha ishlaydi. Muvaqqat hukumat Rossiyaga nisbatan yumshoqroq pozitsiyani egallashi kutilmoqda, bu esa Rossiyadan gaz importini qayta boshlash sa’y-harakatlarini o‘z ichiga olishi mumkin, deb yozadi Reuters. Bundan tashqari, Donev Petkov hukumati 70 nafar rossiyalik diplomatni josuslikda gumon qilib chiqarib yuborganidan keyin Moskva bilan munosabatlarni tiklashga harakat qilishi mumkin, deya taxmin qilgan agentlik.
Aprel oyida Rossiyaning «Gazprom» shirkati Bolgariya va Polshaga gaz yetkazib berishni to‘liq to‘xtatib qo‘ygan edi, chunki mamlakatlar yonilg‘i uchun to‘lovni rublda amalga oshirishdan bosh tortdi. Iyun oyi boshida Ozarboyjon va Bolgariya Transadriatik gaz quvuriga (TAP) ulangan IGB interkonnektori orqali gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldi. Yetkazib berish 25 yilga kelishilgan.
Mavzuga oid
23:01 / 06.11.2024
Qatar aholisi parlament saylovlaridan voz kechishga ovoz berdi
23:25 / 04.11.2024
Gurjistonda minglab odamlar parlament saylovlari natijasiga qarshi mitingga chiqdi
19:06 / 29.10.2024
Gurjistonda ommaviy norozilik ortidan saylovdagi ovozlar qayta sanaladi
12:50 / 28.10.2024