Jahon | 16:59 / 03.08.2022
13364
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada inflatsiya 80 foizga yaqinlashdi

Turkiyada inflatsiya darajasi 1998 yilgi inqirozning eng yuqori cho‘qqisiga yaqinlashdi. Transport sektori, oziq-ovqat va ichimliklar juda tez qimmatlashmoqda.

Foto: Reuters

Turkiyada iyul oyida yillik inflatsiya 79,6 foizgacha o‘sdi, bu 1998 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu haqda 3 avgust, chorshanba kuni Turkiya statistika instituti ma’lum qildi. Iyul oyi yakunlari bo‘yicha oylik narxlar o‘sishi 2,37 foizni tashkil etdi.

Mamlakatda transport sohasida narxlar eng ko‘p o‘smoqda – yil davomida ular 119,11 foizga, oziq-ovqat va ichimliklar narxi esa 94,65 foizga oshgan, deydi tahlilchilar. Reuters tahlilchilari iste’mol narxlarining yillik ko‘rsatkichlarda 80,5 foizga oshishini bashorat qilishdi, The Financial Times gazetasi esa iyul oyida ularning 80,1 foizga o‘sishini kutgan edi.

Mamlakatda yillik inflatsiya 1998 yil sentabr oyidan beri eng yuqori darajaga yetdi – o‘shanda u 80,4 foizni tashkil qilgandi. O‘sha inqirozdan so‘ng, hozirda Turkiya prezidenti lavozimini egallab turgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2003 yilda hokimiyat tepasiga keldi, deb eslaydi The Guardian nashri. 

Turkiyada inflatsiya 2021 yilning kuzida, mamlakat Markaziy banki stavkani 14 foizga tushirgandan so‘ng lira keskin pasaygan paytda ko‘tarila boshladi, deya qayd etadi Reuters. Bu yil narxlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy tanglik va lira kursining doimiy ravishda pasayib borishi bilan yanada kuchaydi. Valuta 2021 yilda dollarga nisbatan 44 foizga, joriy yilda esa yana 27 foizga pasaygan. 

Tahlilchilar narxlarning oshishi sabablaridan biri sifatida Erdo‘g‘anning 2018 yilda boshlangan iqtisodiy o‘sishni oshirish uchun foiz stavkalarini pasaytirish siyosatini keltirgan. Bu Markaziy bank rahbarining maslahatiga qarshi amalga oshirildi va lira kursining eng past darajaga tushishiga hamda materiallar va energiya importiga qaram mamlakatda xarajatlarning oshishiga olib keldi, deb yozadi The Guardian. O‘shandan beri prezident Markaziy bankning uch nafar rahbarini ishdan bo‘shatdi. 

Ayrim tahlilchilar va mamlakatdagi muxolifat haqiqiy inflatsiya darajasi rasmiy raqamlardan yuqori deb hisoblaydi, deya yozadi FT va Reuters. Istanbul savdo palatasi iyun oyida Turkiyaning eng yirik shahrida yillik inflatsiya 94 foizga yetganini ma’lum qildi. ENAG turkiyalik mustaqil iqtisodchilar guruhi hisoboti iyun oyida iste’mol narxlari o‘tgan yilga nisbatan 175 foizga oshganini ko‘rsatdi, deb qayd etgan The Guardian.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid