Toshkentning Chilonzor tumanidagi Chilonzor ko‘chasi avtomobillar harakati uchun kengaytirilishi asnosida yuzdan ortiq ko‘p yillik daraxtga zarar yetkazildi.

Aksariyatini eman tashkil etuvchi daraxtlar ildizlarining bir qismi qo‘porib tashlandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, birlamchi taftishda daraxtlardan kamida 7 tasi jiddiy zararlangani, 99 ta daraxtda shikastlanish xavfi borligi aniqlangan.

Faollarning aralashuvidan keyin voqea joyiga bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov va Prezident administratsiyasi xodimlari yetib keldi.

Foto: Kun.uz

Jamoatchilik e’tirozi bilan yo‘l toraytiriladigan, yo‘lquruvchi kompaniyaga chora ko‘riladigan bo‘ldi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev loyihachilarga tanbeh berdi. Narzullo Oblomurodov esa pudratchilar ustidan ochilgan ish bugunoq Bosh prokuraturaga oshirilishini aytdi.

Foto: Kun.uz

Hozircha zarar miqdori 261 mln so‘mga baholanmoqda. Ekoqo‘m rahbarining Kun.uz muxbiriga aytishicha, shikastlangan daraxtlar soni va yetkazilgan zarar miqdori qayta hisoblab chiqiladi. U daraxtlarga tezda agrotexnik choralar bilan ishlov berishga ko‘rsatma berdi.

Ekologiya xodimlarining aytishicha, yo‘lni kengaytirish bo‘yicha loyiha ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagan. Shaharda bu amaliyot ko‘p ham qo‘llanavermaydi, chunki bu majburiy tartib emas.