O‘zbekistonda avtomobillar ancha kamligiga qaramay, avtohalokatlar va ulardagi o‘limlar sonining haddan tashqari ko‘pligi uzoq yillardan beri og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda.
O‘tgan yili respublikada inson jarohatlanishi bilan bog‘liq YTHlar soni uch yillik tanaffusdan keyin yana 10 mingdan oshdi, halok bo‘lganlar soni yana 2,5 mingga yaqinlashdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 784 kishi avtohalokat qurboni bo‘lgan, bu – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 127 taga yoki 14 foizga kam. Jarohatlanganlar soni 2842 nafardan 2775 nafarga tushgan. Bunday noodatiy va keskin ijobiy o‘zgarishning sabablari borasida hozircha izoh berilgani yo‘q; eslatib o‘tamiz, fevral oyida prezident yo‘l harakati xavfsizligi masalasida selektor o‘tkazgan edi (bu haqda quyiroqda).
Halokatli YTHlarning 54 foizi sub’yektiv omillar hisobiga ro‘y bergan bo‘lsa (23 foiz holatda tezlikni oshirish sabab bo‘lgan), 46 foiz avariyalar yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq. Ya’ni jarohatlanishga olib kelayotgan har ikkita YTHdan bittasi haydovchi va piyodaga bog‘liq bo‘lmagan obektiv sabablarga ega.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, 2010 yilda O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 11,3 nafar YTH qurboni to‘g‘ri kelgan va mamlakatning bu boradagi natijasi Ozarboyjon (11,4), Latviya (11,8), Litva (12,1), Moldova (13,2), Ukraina (15,4) va Belarus (21,9)dagidan yaxshiroq bo‘lgan. Lekin keyingi 10 yilda vaziyat o‘zgarib, O‘zbekiston yo‘llardagi o‘limlar soni bo‘yicha bu 6 ta davlatning barchasidan ilgarilab ketdi.











