So‘nggi kunlarda o‘zbek futbol jamoatchiligida yangi munozara mavzusi paydo bo‘ldi. Go‘yoki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi germaniyalik mashhur murabbiy Ioaxim Lyovga taklif bilan chiqqan va u asosiy jamoani jahon chempionatiga olib borishi mumkin. Manbalar Lyov bosh murabbiy emas, koordinator, maslahatchi sifatida ko‘rilayotgani, shuningdek, O‘FA bu borada bir to‘xtamga kelmagani aytgan, shu bilan birga, tashkilotda Lyovni bosh murabbiy sifatida taklif qilishni o‘rinli deb hisoblayotgan mutaxassislar ham bor. Hatto agar Lyov bosh murabbiy bo‘lib, Kapadze yordamchi sifatida tayinlanadigan bo‘lishsa, o‘zbekistonlik murabbiy jamoani tark etishi mumkinligi haqida ham yozildi.

Bu ma’lumotlar haqiqatga yaqin bo‘lishi mumkinligini shu kunlarda nemis murabbiyi o‘z kelajagi haqidagi savolga bir necha milliy jamoa va klublardan takliflar borligi, hozirda u jamoalarni o‘rganayotgani va hali aniq muzokaralarga boshlamagani haqida aytgani ham tasdiqlagandek bo‘ldi. Nahotki gap O‘zbekiston milliy jamoasi haqida bormoqda?

Nihoyat bu ma’lumotlar savol bo‘lib Temur Kapadzegacha yetib keldi.

«Rostini aytsam, nima bo‘layotganini bilmayman. Men ham hamma qatori bu xabarni internetda o‘qidim. O‘FAdan hech kim menga hech narsa degani yo‘q. Menga kimnidir taklif qilinishi, nimadir o‘zgarishi haqida indashmadi. Shuning uchun bu haqida biror narsa deya olmayman. Berilgan vazifani bajardim. Keyin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Agar nasib bo‘lsa, ishni davom ettiraman, aksincha bo‘lsa, taqdir qayerga yetaklashini ko‘ramiz. Ayni paytda men milliy jamoa murabbiyiman va ishlashda davom etyapman», – dedi murabbiy.

O‘FA nega jim?

Jurnalist va muxlislar ikki tomon bo‘lib bahslashayotgan, Temur Kapadze esa noqulay savolga javob berishga majbur bo‘layotgan paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hech qanday izoh bermayotgani kishini taajjubga soladi va shu bilan birga ba’zi taxminlarga yo‘l ochadi.

Agar O‘FA mundialga Temur Kapadze bilan borishni aniq belgilab qo‘yganida, menimcha, allaqachon bu mish-mishlarga reaksiya bergan bo‘lardi. Axir bu bevosita salkam ikki oydan keyin rasman tayyorgarlikni boshlaydigan jamoaga aloqador, shuningdek, bosh murabbiy ham o‘z kelajagi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishga haqqi bor. Hech kim shu paytgacha hech narsa demayaptimi, demak rostan ham qandaydir harakatlar bor. Nafaqat Ioaxim Lyov, shuningdek, kam bo‘lsa-da tilga olinayotgan Slavan Bilich, balki biz hali eshitmagan yana bir qator murabbiylar nomzodi ko‘rib chiqilayotgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ishsiz yurgan murabbiylar juda ko‘p va mundial yo‘llanmasini naqd qilgan milliy jamoa ko‘p mutaxassislar uchun jozibador ko‘rinadi.