Jahon | 07:37 / 16.08.2022
5003
2 daqiqa o‘qiladi

Armanistonda savdo markazidagi portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 15 nafarga yetdi

Yerevandagi «Surmalu» savdo markazida portlash natijasida 15 kishi halok bo‘ldi, 60 kishi tibbiy muassasalarga murojaat qildi.

Foto: Picture Alliance

Armaniston poytaxti Yerevandagi «Surmalu» ulgurji-chakana savdo markazida (SM) yuz bergan portlash qurbonlari soni 15 kishiga yetdi. Bu haqda 16 avgust, seshanba kuni Armaniston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) ma’lum qildi.

Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 15 ta jasad topilgan, ulardan oltitasining shaxsi aniqlangan, to‘qqiz kishining shaxsi hozircha aniqlanmagan.

60 nafar jabrlanuvchi Yerevan tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan, ulardan 12 nafari davolanmoqda, 48 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyga javob berilgan.

16 avgust kuni ertalab 18 kishi bedarak yo‘qolganligi haqida xabar berilgan edi. Armaniston FVV matbuot kotibi Ayk Kostanyanning ma’lum qilishicha, ulardan biri Rossiya fuqarosi. Ro‘yxatga ko‘ra, gap 1959 yilda tug‘ilgan Lyubov Gribova haqida ketmoqda. Undan tashqari ro‘yxatda yana bir xorijlik, Eron fuqarosi Mehdi Tahriri ham bor. Yo‘qolganlarning qolganlari Armaniston fuqarolaridir.

15 avgust holatiga ko‘ra, voqea joyidagi ishlarda 185 nafar qutqaruvchi ishtirok etdi, Yerevan meriyasidan 20 ta suv tashuvchi, yettita qo‘shimcha texnika jalb qilindi. 

O‘chirish ishlarini FVV rahbari Armen Pambuxchyan muvofiqlashtirgan. Voqea joyiga bosh vazir Nikol Pashinyan, hududiy boshqaruv va infratuzilma vaziri Gnel Sanosyan tashrif buyurdi. 

Armaniston FVVning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 14 avgust kuni savdo markazining pirotexnika omborida kuchli portlash sodir bo‘lgan. Yong‘in kelib chiqib, binoning bir qismi qulab tushgan. Vayronalar 8000-9000 kvadrat metr maydonni egallaydi. 

FVdan ko‘p o‘tmay, Rossiya-Armaniya gumanitar yordam markazi qutqaruv uskunalari va jihozlari, shuningdek, tungi vaqtda vayronalarni tozalash uchun yoritish moslamalarini taqdim etdi. 

Mavzuga oid