Jahon | 08:29 / 17.08.2022
5696
2 daqiqa o‘qiladi

FXX «Ukraina diversantlarini» Kursk AES elektr liniyalarini portlatishda aybladi

«Ukraina diversion guruhlari» tomonidan elektr uzatish liniyalarining portlatilishi Kursk AES ishida uzilishlarga olib keldi, deb xabar qildi RF Federal xavfsizlik xizmati. Hozirda jinoyatni sodir etgan shaxslarni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Foto: AA

«Ukraina diversion guruhlari» Kursk oblasti Kurchatov tumanida yuqori voltli elektr uzatish liniyalarining oltita minorasini portlatib yubordi, buning natijasida Kursk AES faoliyati to‘xtatildi, deb xabar berdi 16 avgust, seshanba kuni RF Federal xavfsizlik xizmati (FXX). Uning ma’lumotiga ko‘ra, hodisalar 4, 9 va 12 avgust kunlari sodir bo‘lgan. Portlatilgan elektr uzatish liniyalari orqali atom elektr stansiyasi «sanoat, transport, hayotni ta’minlash, ijtimoiy infratuzilma hamda mintaqa va mamlakatning qo‘shni viloyatlari aholisini energiya bilan ta’minlagan», deb ta’kidladi FXX. 

Ta’kidlanishicha, qo‘poruvchilik «AES faoliyati texnologik jarayonining buzilishiga» olib kelgan. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan. «Rosenergoatom», o‘z navbatida, 4 avgustdan 12 avgustgacha Kursk AESda «nimstansiyadagi nosozlik tufayli» umumiy quvvat pasayganini, ammo hozir atom elektr stansiyasi rejalashtirilgan ish rejimiga qaytganini, AES joylashgan hududda radiatsiyaviy fon normal holatda ekanini ma’lum qildi. 

Rossiya Tergov qo‘mitasi (TQ) elektr uzatish liniyalarining portlatilishi fakti bo‘yicha terakt to‘g‘risidagi modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. FXX RF Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jinoyatchilar va ularning ehtimoliy sheriklarini qidirmoqda. Rosgvardiya yadroviy inshootlarni qo‘riqlash ishlarini kuchaytirdi. 

Avvalroq 4 va 9 avgust kunlari Ukraina hududi bilan chegaradosh Kursk oblastida elektr uzatish liniyalarini portlatishga urinishlar haqida Baza nashri xabar bergan edi. Uning yozishicha, 16 avgust kuni «Lgov-Lokinskaya» uchastkasining 14-kilometri atrofidagi hududda temiryo‘l relslari ham portlatilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid