Braziliya O‘zbekiston yoshlari uchun portugal tili kurslarini tashkil etmoqchi
Braziliya tomonidan O‘zbekiston yoshlari uchun portugal tili kurslarini tashkil etishga hozirlik bildirildi.
O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobovning Brazilia shahriga tashrifi davomida Braziliya ta’lim vazirining oliy ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Vilas Boas de Soza bilan muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga ilg‘or chet el tajribasini jalb etish, raqobat muhitini rivojlantirish, oliy o‘quv yurtlarining sonini oshishi va sifat jihatdan yaxshilanishi, oliy ta’lim muassasalari talabalari sonini sezilarli darajada oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlarning asosiy natijalari haqidagi batafsil ma’lumotlar Braziliya tomoniga taqdim etildi.
Vilas Boas de Soza O‘zbekiston va Braziliya ta’lim sohasida mushtarak maqsadlarni ko‘zlashini, uning sifatini oshirishda tajriba almashish lozimligi hamda talaba va o‘qituvchilar almashuvini yo‘lga qo‘yish kerakligini alohida ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 2,4 mingta oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatib, ularda 8 million talaba tahsil oladi. 69 federal universitet davlat qaramog‘ida bo‘lib, ularda jami 1,3 million talaba bilim olmoqda.
Vilas Boas de Soza Braziliya O‘zbekiston yoshlari uchun portugal tili kurslarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini ham ma’lum qildi.
Ikki mamlakat olimlari va tadqiqotchilari Fan, texnologiyalar va innovatsiyalar vazirligi tarkibida tashkil etilgan institutda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi ta’kidlandi. Tashkilot 27 ta universitetda joylashgan 70 ta zamonaviy tadqiqot markazini o‘z ichiga olgani holda, uning asosiy vazifasi jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarga innovatsioya va ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etishdir.
Ta’lim vazirligi vakili fikr bildirishicha, Braziliya oliy o‘quv yurtlari xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirish mamlakatdagi ilmiy salohiyatni oshirishga, o‘zaro hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazish va jahon reytinglarida mamlakat universitetlari ko‘rsatkichlarini oshirishga olib keladi.
“Shu bois, Braziliya va O‘zbekiston o‘rtasidagi har qanday hamkorlik ikkala tomon uchun ham yaxshi samara berishi aniq”, deya ta’kidladi Vilas Boas de Soza.
Mavzuga oid
23:05 / 06.11.2024
Braziliyalik politsiyachi Interpol rahbarligiga saylandi
17:08 / 02.11.2024
Braziliyada kattaligi chumoliday keladigan qurbaqa topildi
09:30 / 21.10.2024
Braziliya prezidenti BRICS sammitiga parvozini bekor qildi
14:10 / 09.10.2024