300 ming so‘mlik “universal muolaja”. Qo‘qonlik tabib chindan ham bemorlarni davolaydimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyevning qo‘l harakatlari bilan bemorlarni go‘yoki “davolayotgani” tasvirlangan lavhalar anchagina shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri bu borada surishtiruv olib bordi.
Internetda tarqagan lavhalarda tabib yura olmaydigan, gapira olmaydigan va hatto ko‘z nuridan ayrilgan bemorlarni ham davolashga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Tabobat akademiyasida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgani aytilayotgan tabib aslida kim? U haqiqatan ham og‘ir bemorlarni davolay olyaptimi?
Qo‘shiqchilikdan tabiblikkacha...
51 yoshli tabib Iqbol Soliyev Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Mingtut qishlog‘ida yashaydi. Shu qishloqdagi xonadonida bemorlarni qabul qilyapti.
Uning otasi ham o‘z davrida tabiblik qilgan. Hozirda Soliyevning ukasi ham tabobat bilan shug‘ullanar ekan.
Mingtut qishlog‘i ahlining aytishicha, bundan bir muddat avval tabib to‘ylarda qo‘shiq aytib yurgan. U ijrosidagi qo‘shiqlar mahalliy telekanallarda ham namoyish etilgan. Iqbol Soliyev hofizlik barobarida tabobat bilan ham shug‘ullanib kelgan.
Lekin u paytda tabib bugungidek “mashhurlikka” erishmagan. Bundan 3-4 oy avval bemorlarni davolab, holatni ijtimoiy tarmoqlarga joylagandan keyingina xonadoniga mijozlar yog‘ilib kela boshlagan. Bir so‘z bilan aytganda, shundan keyin tabibga omad kulib boqqan.
Oxiri yo‘q navbat
Tabib istiqomat qiladigan Mingtut mahallasi Shukrona ko‘chasiga borganimizda bemorlar kelgan avtomashinalar to‘lib, asosiy katta ko‘chalargacha chiqib ketganiga guvoh bo‘ldik. Ko‘plab bemorlar navbati qachon kelishini kutib turishardi. Kimdir mashinasi o‘rindig‘ida pinakka ketgan, kimdir oshxonada tushlik qilgan, yana kimlardir esa so‘rida uxlab yotardi.
Mashinalarni tartibga keltirish uchun tabib uyiga olib boradigan ko‘cha boshiga shlagbaum o‘rnatilgan. Navbatda kutib turganlar orasida hatto qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikistondan kelgan bemorlar ham bor edi.
Tabibning hovlisi yonida to‘planib turganlarni uzoqdan suratga olishni boshladim. Shunda “Damas” ichida navbati kelishini kutib turgan qizlardan biri tabibning xos odamlari suratga olishga yo‘l qo‘ymayotgani haqida ogohlantirdi. Qiziq!
Shubha...
Tabibning uyi atrofi odamlarga to‘la, yangi kelayotgan bemorlar navbatga yozilishga shoshilyapti. Bemorlarning so‘zlariga ko‘ra, mijozlarni qabul qilish ertalab soat 8:00 dan boshlangan. Soat 14:30 holatiga 30-o‘ringa yozdirilgan navbat egasi ichkariga kirib ketgan ekan.
Aytishlaricha, tabib 10 kun davomida Moskva shahrida bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, 20 avgust kuni uyiga qaytgan. Uning kelishini kutgan ayrim bemorlar hatto bir kun avval Qo‘qonga yetib kelgan.
Birozdan so‘ng tabib hovli ichkarisidan chiqib, ko‘cha bo‘ylab yurib kela boshladi. Iqbol Soliyev mashina ichida o‘tirgan, yura olmaydigan bemorlarni davolash uchun tashqariga chiqqan edi. 70 yoshdan oshgan kampirni eskiroq Matiz avtomashinasidan ming mashaqqat bilan tushirishdi. Tabib ayolning boshidan ushlab, qo‘l harakatlarini amalga oshirdi va yana 2 kun davomida davolanish kerakligi unga uqtirildi. Davolanish jarayonini tabibning ishchilaridan biri telefon orqali tasvirga olib yurardi.
Tabib rosmana shubhalandi chog‘i, ko‘plab odamlar ichida aynan meni ko‘rsatib xos odamlaridan biriga bu bolaga bir qarab qo‘yinglar, degan ma’noda ishora qildi. Shu payt yigitlardan biri yonimga yaqinlashib, davolash jarayonini boshqa shaxslar kameraga olishi mumkin emasligi, faqatgina tabibning yaqin odamigina bunga haqli ekanini uqtirdi.
Kameraga olmayotganim, shunchaki telefon qo‘limda turganini aytganimdan keyin xos yigit tabibga davolashni davom ettirish mumkinligi, hammasi joyida ekani haqida yuzini qimirlatganicha ishora qildi.
Qiziq! Tabib haqiqatan ham bemorlarni davolayotgan bo‘lsa, begonalar uchun holatni tasvirga olishga nega taqiq qo‘yildi?
3-4 bemor ko‘rikdan o‘tkazilgach, tabib hovlisiga kirib ketdi.
300 minglik, 3 kunlik “seans”
Namangan viloyatidan kelgan bemorlarning aytishicha, tabib huzuriga kirish uchun kech soat 02:00 larda kelishgan va shunda ham 68-navbatga yozilishgan.
Yana bir fuqaro Qirg‘izistonning Olabuqa tumanidan yura olmaydigan opasini olib kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, internetda tarqagan videolar ortidan Qo‘qonga oqib kela boshlagan qirg‘izistonliklar ham ko‘p. Navbatda turgan odamlar orasida O‘sh, Jalolobod viloyatlaridan kelganlar ham bor edi.
Bu orada tabibning hovlisidan andijonlik 3 nafar muolaja olgan ayol chiqdi. Ular tabib shifo topish niyatlari bo‘lsa ketma-ket 3 kun muolaja olishlari lozimligini aytgani, hassaga suyanib kirib ketgan buxorolik ikki ayol tabib ko‘rigidan keyin o‘z oyoqlari bilan yurib ketgani, o‘shlik ayolning esa ko‘rmaydigan ko‘zi ochilib ketganini aytishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, tabib 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda 70 yoshdan oshgan keksa bemorlarni tekinga davolayotgan ekan. Qolgan yoshdagi bemorlar uchun bir martalik seans 100 ming so‘mni tashkil qiladi.
Muolajaga kirib chiqqan aksariyat bemorlarning aytishiga qaraganda, birinchi ko‘rikdan keyin ketma-ket yana ikki kunlik muolaja taklif qilinayotgan ekan. Demak, umumiy hisobda mijoz tabibga 300 ming so‘m to‘lovni amalga oshiryapti. Uzoqdan kelgan bemorlar vaqt va ortiqcha sarf-xarajatdan qochib, shu yaqin o‘rtadan ijaraga kunlik uy topib tunab qolishmoqda.
Surishtiruvdan ma’lum bo‘ldiki, tabibning uyi atrofidagi hovlilar kishi boshiga 50 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha kunlik ijaraga qo‘yishmoqda.
“Internetda ko‘rib qolib, keldik”
60 yoshlar chamasidagi andijonlik erkak o‘zi va qarindoshini tabibga ko‘rsatish uchun olib kelgan ekan. Otaxon bilan suhbatlashdik...
– Qayerdan keldingiz?
– Andijonning Baliqchisidan...
– Kimni olib keldingiz?
– Bir yosh bolani olib keldim. Uning bahonasida o‘zim ham ko‘rinyapman.
– Yaxshi davolar ekanmi?
– Yurmaydiganlar yurib ketyapti...Ko‘rmayotganlarni ko‘zini ochvoryapti...
– O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizmi yurib ketganlarni?
– Haaa... albatta, siz ham borib tomosha qiling. Ko‘rasiz... Internetdan ko‘rib qolib, 3-4 kun avval yetib keldik bu yerga. Tabibning ukasi ham ko‘rar ekan bemorlarni. 3 marta ukasidan seans oldik. Harqalay, yosh bolada sal o‘zgarish bo‘ldi. Ko‘zim sal xira meniyam...
– Navbat kattami?
– Ha. 100 dan oshiq. Bugun ko‘pchilikka navbat yetib kelmaydi. Biz 66-o‘rindamiz. Endi 30-navbat kirib ketdi. Bitta “ocheredga” yozilgan odam o‘zi bilan birga 4-5 kishini olib kirib ketyapti. Shunga vaqt ko‘p ketyapti.
Tabibning ukasi 50 ming so‘mdan ko‘rayotgandi. Akasi Iqbol Soliyev 100 mingdan ko‘rar ekan.
– Bugun navbatlaring yetib kelmasa Qo‘qonda qolasizlarmi?
– Ha, albatta, qolishga to‘g‘ri keladi. Bo‘lmasa yana ertaga qolib ketamiz... Andijondan yetib kelgunimizga yana navbat katta bo‘lib ketadi.
“Qo‘qonga yetib kelguncha 800 ming sarfladik. Pulimiz qolmadi...”
Diqqatimni so‘rida uxlab yotgan 3 nafar bola-yu, o‘rta yoshdagi ikki ayol va erkakning non chaynab turgan holati tortdi. Oila Samarqand viloyati Paxtachi tumanidan kelgan ekan.
Oyoq-qo‘li falaj bo‘lib qolgan ayol tabibga ko‘rinish uchun oilaviy kelishgani, Qo‘qonga yetib kelgunlaricha 800 ming so‘m sarf qilishgani, lekin hali navbati yetib kelmagani, pullari tugab nima qilishlarini bilmay boshi qotayotgani haqida kuyunib gapirdi.
“Ertalab 8:30 larda kelib, 142-o‘ringa navbatga yozildik. Kasalimga davo istab, Qoraqalpog‘istondagi tabib otaga ham 4 marta borganman. Mablag‘ tomonidan o‘sha paytda qiynalmagan edik. Chunki qoraqalpoqlik tabib uyida bemorlarga ovqat tarqatardi. Bu yerda esa ovqat tugul, yotar joy ham muammo bo‘lib turibdi.
Bir kechalik ijara haqi bir kishiga 100 ming so‘m ekan. Biz 6 kishimiz. 50 ming so‘mlik ijara uy topganimiz bilan ham kuniga 300 ming so‘m to‘lashimiz kerak. 42 yildan beri yura olmayman. Bir kunda yurib ketaman deb umid ham qilganim yo‘q”, – deydi poliartrit bilan kasallangan samarqandlik ayol.
Shifo topgan odam bormi o‘zi?
Tabib hovlisidan muolaja olib chiqqan va biz suhbatlashgan hech bir bemor kasaliga davo topgani haqida ishonch bilan ayta olmadi.
Respublikaning turli viloyatlaridan kelgan bemorlar mablag‘ sarflab, sarson-sargardon bo‘lib ijara uy topish ilinjida yurishibdi. Bemorlar ketma-ket uch kun “muolaja olish”ga undalyapti.
Ajablanarlisi, ko‘rikdan so‘ng kasalning tuzalib ketishiga hech kim kafolat bera olmayapti.
Tabib bir necha marta ogohlantirilgan
Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarini ko‘rgani, odamlarda tibbiy bilim yetishmasligi ana shunday tabiblar uchun qo‘l kelayotgani haqida ta’kidladi.
“Hozirgi kunda bemorlarga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan tabiblar bilan bir qatorda xalqni chalg‘itadigan, sehrgarlikka yaqinroq xatti-harakatlari bilan g‘ayrioddiy yo‘l bilan “davolovchi” tabiblar ham uchrab turibdi.
Tabobatdan g‘arazli maqsadlarda foydalanib odamlarni chalg‘itib, asosiy maqsadi daromad orttirish bo‘lgan ayrim qo‘shtirnoq ichidagi “tabiblar” tabobatda mavjud bo‘lmagan bir lahzada davolashni davo qilib kelmoqda. Shulardan biri – Qo‘qon shahrida yashovchi Iqbol Soliyevdir. U hech qanaqa dori-darmon, giyohlar, hayvon mahsulotlari yoki ma’danlar ishlatmaydi. Faqatgina qo‘l harakatlari bilan shifoni Alloh beradi deb har qanday kasalni qabul qilayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.
Tabib bemorning butun tanasi bo‘ylab qo‘l harakatlari qilyapti. Tabobatda mavjud bo‘lmagan usullarni qo‘llayapti. Shu bilan go‘yoki bemorni davolayapti. Bu ham yetmaganday bemordan tasdiqlatib olyapti tuzaldizmi deb. Bemor ham noilojlikdan “ha” deyayotganining guvohi bo‘lyapmiz.
Agar bunaqa usul bilan davolash mumkin bo‘lganida, O‘zbekistonda birorta ham shol inson qolmagan bo‘lardi. Bizga ko‘plab odamlar murojaat qilib, ko‘rni, sholni davolay olishini aytadi. Biz Ko‘rlar jamiyatidan birinchi va ikkinchi guruh nogironlaridan bir necha nafarini olib kelsak, bilasizmi nima qiladi, qochib ketadi. Lekin o‘zicha, o‘zining yashayotgan joyida shunday da’voni qiladi. Cho‘kayotgan odam xasga ham yopishganidek, bemor odamlar bundaylarga oson ishonib qoladi.
Ikkinchidan, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar aholini qanoatlantirmagani ham ularning oldiga odamlarning oqib borishiga sharoit yaratib beryapti.
Farg‘onadagi tabibning oldiga borib kelganlardan biroz vaqt o‘tib so‘rasangiz: “Ha endi, bir qiziqib bordim-da”, deydi. Ya’ni tuzaldim demaydi.
Biz tabib Iqbol Soliyevni bir necha marta og‘zaki va yozma ogohlantirdik. Agar u hozirgi kunda ham faoliyatini davom ettirib kelayotgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qiladigan organlarga holatni firibgarlikka baholab chora ko‘rishlarini so‘rashga majbur bo‘lamiz”, – deydi Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov.
Tabib niqobidagi firibgarlar
Oxirgi yillarda o‘zini o‘zi tabib deb e’lon qilib, har qanday dardlarga davo ekanini iddao qilayotgan, yakunda esa firibgar bo‘lib chiqayotgan ko‘plab holatlar ro‘y berdi.
Soxta tabiblik qilib 500 ming dollar pul ishlagan buxorolik traktorchi, o‘lgan insonni 31,5 ming dollarga tiriltirib berishni va’da qilgan xorazmlik “tabib”, bemorlarga xandon pista chaqishni tavsiya qilib mashhur bo‘lgan andijonlik Hasan tabib va boshqalar shular jumlasidan. O‘tgan yili iroqlik Ali Mahmud Hasan degan shaxsning O‘zbekistonga kelgani shov-shuv bo‘lgan (u Saudiya Arabistonida firibgarlik uchun javobgarlikka tortilgan), jamoatchilik unga ko‘ringanlardan kimdir haqiqatan ham sog‘ayib ketganiga biror isbot ko‘rmagan edi.
Qo‘qondagi holat ham tegishli tashkilotlar tomonidan nazoratga olinmas ekan, yana ko‘plab ishonuvchan odamlar chuv tushib qolishi mumkin.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
08:58 / 12.12.2024
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng: “Halal Auto Leasing” firibgarlik sxemasiga nisbatan tergov boshlandi
15:18 / 26.11.2024
Qo‘qonlik tabib yana trendda – uning faoliyati haqida nimalar ma’lum?
17:45 / 23.11.2024
“Kamerani ko‘rib, bemorlarni tarqatib yuborishdi” – muxbirlar farg‘onalik tabib ko‘chasiga kiritilmadi
10:23 / 07.11.2024