Uning yaqinlari, ya'ni mana shu tashrifni tashkillashtirayotgan odamlar tarqatayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, Ali Mahmud Hasan Kurdistoniy ikki kun poytaxtda bo‘ladi, keyin Samarqand va Buxoro sari yo‘l oladi.

Xo‘sh, bu odam chindan ham tabibmi, u o‘sha tarqatilayotgan lavhalarda ko‘rsatilayotgandek mo‘jizakor xususiyatga egami? (Aniqlik uchun: falaj bo‘lgan odamning oyoqqa turib ketishi yoki ko‘zi ojizning ko‘ra boshlashiga ham tibbiy jihatdan, ham umuman mo‘jiza sifatida qarash mumkin)

Bu odam O‘zbekistonga yetib kelishidan avvalroq yetarlicha shov-shuv ko‘tarildi va o‘ziga xos zamin yaratildi. Natija kutilganidan ham a'lo bo‘ldi – dardiga da'vo topmagan yuzlab bemorlar unga yopishdi, yo‘llarini to‘sib yig‘ladi, hattoki tavof qilib yubordi.

Afsuski, soddalikda o‘zbekka yetadigani bo‘lmasa kerak. Bemorlar yoki ularning yaqinlaridan birortasi bu odamning aslida kimligi, tibbiyotga qanday aloqadorligiga qiziqmadi.

Mulla Mahmud Hasan so‘nggi bir necha yilda tilga tushdi va muqaddas Qur'on oyatlarini o‘qigan holda tibbiyot davolash imkonsiz deya tan olgan kasalliklarni davolab yuborayotganiga oid ma'lumotlar tarqatib, katta mashhurlikka erishdi.

Uning “Feysbuk”dagi rasmiy sahifasining o‘zidayoq 225 mingdan ortiq obunachilari borligi bunday ma'lumotlarga ishonuvchilar yoki ishonishni istovchilar naqadar ko‘pligini anglatadi.

Asl millati kurd bo‘lgan Mulla Mahmud Hasan o‘zini Iroqning Arbil hududida 26 yildan beri tabobat bilan shug‘ullanib kelgan shaxs sifatida taqdim etadi. Ammo noyob qobiliyatga ega bo‘la turib, buncha uzoq vaqt davomida rasmiy doiralarda tan olinmagani qiziq.

Shuningdek, u o‘z faoliyatida muntazam tazyiqlarga uchrayotgani, asos solgan tibbiyot markazi bir necha marta yopib tashlanganini bildirgan.