20:46 / 02.09.2022
69259

Boshda olib yurilgan bomba: Sirdaryoda portlagan avtobus saboq bo‘lishi kerak

Avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarning portlashi bu arzon yonilg‘i turi xavfli ekani borasida savollarni vujudga keltirmoqda. Bugun siqilgan gaz to‘ldirilgan ballonlarning xavflilik darajasi, undan foydalanish haqida hikoya qilamiz.

Foto: Kun.uz

So‘nggi paytlarda avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining portlashi haqida bot-bot xabarlar yangramoqda. Bunday voqealarda insonlarning halok bo‘layotgani esa nihoyatda tashvishlanarli holdir.

Masalan, shunday keng ko‘lamli fojialarning so‘nggisi 2022 yil 18 avgust Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida sodir bo‘ldi. Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi avtomaktabga (!) tegishli «Isuzu» rusumli avtobus AGTKSdan gaz to‘ldirib chiqqan vaqtda unga o‘rnatilgan gaz ballonlari birida portlash sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 6 kishi voqea joyida vafot etgan va 15 kishi tan jarohati olgan.

Sirdaryoda portlagan «Isuzu» avtobusi. Foto: FVV matbuot xizmati

2018 yilning 18 sentabrida Buxoroning Kogon tumanida ham «Isuzu» avtobusdagi gaz balloni portlashi natijasida 26 yo‘lovchidan 4 nafari hodisa joyida va 1 nafari shifoxonada vafot etgan edi. Yana 21 nafar yo‘lovchilar turli darajada tan jarohati olishgan.

Albatta, bunday voqealar kishida xavotir uyg‘otadi. Chunki ko‘pgina shaharlarimizda avtobuslar o‘zimizda ishlab chiqariladigan noqulay «Isuzu» ekani va ularning deyarli barchasi siqilgan gazda ishlashi, barchasining tom qismiga gaz ballonlar o‘rnatilgani, bunday ballonlarning kutilmaganda portlashi mumkinligi ko‘plab qurbonlar keltirib chiqarishi har qanday kishida xavotir uyg‘otishi tabiiy.

AGTKSlarda gaz to‘ldirayotgan yoki harakatlanishi asnosida portlash sodir bo‘lgan yengil avtomobillar haqidagi xabarlar deyarli har hafta tarqalmoqda.

Xo‘sh, metan ballonlar xavfsizlik talablariga javob beradimi? Umuman, jamoat transportlarida avtomobilning konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritib, ushbu yoqilg‘i turidan bexavotir foydalansa bo‘ladimi?

Avtomobillarning yoppa metan yoqilg‘isiga o‘tishi — avtobenzin narxining qimmatligi va beqarorligi bilan bog‘liq. Qish faslida metan yoqilg‘isining uzilishi, AGTKSlarda uzundan uzoq navbatlar paydo bo‘lishi, mashinalarning dam-badam portlayotgani haqidagi xabarlar ham odamlarni cho‘chitmayapti. Chunki 100 km yo‘l uchun sarflangan metan yoqilg‘isi narxi benzinga ko‘ra 4–5 barobarga arzonroq.

Shu sababli yuk mashinalarini qo‘ya turaylik, mahalliy va shaharlararo yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar va taksilar to‘liq gazda yuradi.

Metan ballonlarning turlari

Kompressor stansiyalarida katta bosim ostida siqilgan tabiiy gaz (STG) haydaladigan ballonlarning 4 ta turi bo‘ladi.

STG-1 tipidagi ballonlar 6–8 mm qalinlikda to‘liq metall korpusga ega bo‘ladi, payvandlash chokiga ega bo‘lmaydi.

STG-2 tipidagi ballonlar ham yupqaroq metall korpusga ega bo‘ladi va uning silindrik qismi smolalangan jgut ipi bilan o‘ralgan bo‘ladi. Bunday ballonlar STG-1 tipidagi ballonlardan yengilroq bo‘ladi.

STG-3 tipidagi ballonlar alyuminiy korpusga ega bo‘ladi va uning butun tanasi smolalangan jgut ipi bilan o‘raladi. U STG-2 tipidagi ballondan ham yengilroq bo‘ladi.

STG-4 tipidagi ballonlar metall tanaga ega bo‘lmaydi va butun tanasi to‘liq kompozit materialdan tayyorlanadi. Bunday ballonlar o‘zining nihoyatda yengilligi, biroq o‘ta qimmatligi bilan ajralib turadi.

STG-2 va STG-3 tipidagi ballonlar xalqimiz orasida «skotch ballon» yoki «kapron ballon» nomi bilan mashhur. Belgilangan qoidalarga ko‘ra, O‘zbekistonda faqat STG-1 tipidagi — to‘liq metall tanali ballondan foydalanishga ruxsat berilgan. Qolgan tipdagi ballonlardan foydalanish taqiqlangan: ularni olib kirish, realizatsiya qilish va mashinaga o‘rnatish mumkin emas.

Nisbatan xavfsiz va mustahkamroq bo‘lgan STG-2 va STG-3 ballonlarining yurtimizga olib kirish va foydalanishga joriy etilgan taqiq O‘zbekistonda bunday ballonlarni sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan stansiyalar yo‘qligida ekan.

Metall korpusli ballonlar STG-1 ballonlar nuqson bo‘lganda faqat markaziy silindrik qismidan yorilishi mumkin. STG-2 va STG-3 tipidagi ballonlar esa agar smolalangan jgutli qoplamasi olib tashlansa, butun tanasi bo‘ylab yorilib, qismlar (oskolkalar)ga ajralib, katta ziyon yetkazishi mumkin ekan.

Metan ballonlar qayerda ishlab chiqariladi?

Odamlar orasida o‘zbekistonda metan ballonlar ishlab chiqarish va sotish borasida ham monopoliya o‘rnatilgan, xorijdan arzon va sifatli ballonlar importiga taqiq bor, degan fikr mavjud.

Ammo O‘zbekistonda STG-1 turidagi ballonlar ishlab chiqariladigan bir emas, uchta korxona bor. Ularning eng yirigi Qo‘qon shahrida joylashgan «SHAFFOF METAN SANOAT» MChJ qo‘shma korxonasidir.

Ushbu qo‘shma korxonada yiliga turli hajmlardagi 250-300 ming dona STG-1 turidagi ballonlar ishlab chiqariladi.

Aniqlagan ma’lumotlarimizga ko‘ra, Angren EIZda joylashgan «MILLIY METALL SANOAT» MChJda ham yiliga 26 mingta va Navoiy EIZda joylashgan «KU-UNG CYLINDER» MChJ qo‘shma korxonasida yiliga 6 ming dona STG-1 turidagi ballonlar tayyorlanadi.

UzAuto Motors va SamAuto korxonalari o‘zlari ishlab chiqaradigan mashinalar uchun xorijdan (Italiyadan) STG-1 tipidagi ballonlar import qiladi.

Umuman, O‘zbekiston avtobozoridagi jami ballonlarning 20 foizi import qilinadi. Avto ishlab chiqaruvchilarimiz xaridi ham shuning ichida. Ularning xarididan tashqaridagi ballonlar asosan Xitoydan kirib keladi. Ularga 10 foizlik boj o‘rnatilgan.

Boj o‘rnatilganiga sabab, O‘zbekistonda bunday ballonlar yasash uchun choksiz metall quvurlar Xitoy davlatidan import qilinadi. Xitoy bunday yarim tayyor mahsulotlar eksporti uchun QQS joriy etib, pandemiya davrida tayyor mahsulot eksporti uchun QQSni bekor qilgan. Natijada, Xitoyda ishlab chiqarilgan tayyor ballonlar narxi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan ballonlardan arzonroq bo‘lib qolgan va bu milliy ishlab chiqaruvchilarimiz zarar bilan ishlashiga sabab bo‘lgan. 10 foizlik boj narxlarni biroz muvozanatga keltirgan. Chunki tayyor ballonlar importi to‘xtamagan, davom etmoqda.

Metan ballonlarga ishonsa bo‘ladimi?

«SHAFFOF METAN SANOAT» MChJ qo‘shma korxonasi menejyeri Rizamat Usmonovning aytishicha, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan STG-1 tipidagi ballonlar mutlaqo xavfsiz. Chunki ballonlar qoidalarda belgilangan talablar, E11 Euro standarti bo‘yicha barcha texnologik protsesslarga rioya qilingan holda tayyorlanadi.

Rizamat Usmonov, «SHAFFOF METAN SANOAT» MChJ qo‘shma korxonasi menejyeri

Korxonada ballonlar 7,7–8,8 mm qalinlikdagi, 232, 356, 406 mm diametrli choksiz quvurlardan tayyorlanar ekan. Ularning sig‘imi ballon diametrining katta-kichikligi va uzunligiga qarab 30, 65, 70, 75, 80, 85, 90, 100, 120, 130, 140, 150 litr bo‘ladi.

Quvurning ikki tomoni kavsharlanib berkitiladi. Shuningdek, ballonlar 300 atmosfera bosimda suv parida, 200 atmosferada havo bilan sinaladi.

Ballonlarning suv va havo yordamida sinalishi

Ballonlar 200 donadan partiya qilib tayyorlanadi.R.Usmonovning aytishicha, ballonning eng zaif joyi silindrsimon qismi bo‘ladi. Shu sababli turli partiyalardagi ballonning silindrsimon qismi kesib olinib, tekshirishdan o‘tkaziladi. Shuningdek, har bir partiyadan 2 dona ballon belgilangan me’yordan 2,5 barobar ko‘proq bosim — 500 atmosfera ostida yorilishga sinaladi.

R.Usmonovning aytishicha, korxona ishlab chiqargan ballonlar bilan bor-yo‘g‘i bir marta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Shunda ham ballondagi nuqson tufayli emas, avvalgi avtomobilidan yechib olingan ballonning boshqa avtomobilga xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilinmasdan o‘rnatilgani voqeaga sabab bo‘lgan. Voqeada hech kim jabrlanmagan.

Korxonada avtobuslar uchun ishlab chiqariladigan ballonlar nihoyatda pishiq va ishonchli. Chunki avtobus tomiga o‘rnatiladigan bunday ballonlarning diametri kichik, devori esa qalin. Bu xususiyat katta diametrli ballonlarga nisbatan ularning mustahkamroq bo‘lishini ta’minlaydi. Qolaversa, bunday ballonlar 500 atmosferagacha havo yuborilib, sinalar ekan.

Unda nega ballonlar portlamoqda?

Aslida, ballonga to‘ldirilgan siqilgan tabiiy gaz (STG)ning o‘zi emas, xavf uning ballon ichida juda yuqori bosim ostida turganida. Belgilangan me’yorlarga ko‘ra, STGning ishchi bosimi 20 MPa (197,38 atmosfera) bosimdan oshmasligi kerak. Balkim normativ hujjat faqat rus tilida bo‘lgani sababdir, bunga ayrim AGTKSlarda amal qilinmaydi.

Ko‘pincha AGTKSlarda yengil mashinalar ballonga belgilangan bosim (20MPa = 200 atmosfera)dan ortiq gaz soldirgani uchun, ballon yuqori bosimga dosh bera olmasdan portlaydi. Mutaxassislarning aytishicha, katta yo‘l yoqasidagi AGTKSlar mijoz uchun talashib, belgilangan me’yorni buzib, kattaroq bosim ostida ballonga ko‘proq gaz haydab berishadi. Natijada, bunaqa joyda «zapravka» qilgan avtomobil ko‘proq kilometr bosadi, «barakali metan zapravka»ning dovrug‘i taksichilar va boshqa haydovchilar o‘rtasida tez tarqaladi.

Haydovchilar orasida hamon STG-2 tipidagi — «kapron» ballonlardan foydalanayotganlari ham bor. Ular ballonning silindrik qismini bog‘lab turuvchi smolalagan jgutlarni qirib olib tashlab, joyini shpaklyovka bilan suvab, qizilga bo‘yab qo‘yishadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, bunday ballonlar hech qachon sinovdan o‘tkazilmaydi. AGTKSlarda ballonga gaz to‘ldirish jarayoni mashinaning old kapoti ochilib amalga oshirilishi tufayli, hech kim orqa yukxonada turgan bunday ballonlarga e’tibor ham bermaydi.

AGTKSlarda gaz to‘ldirish jarayoni tugab bo‘lganidan so‘ng ham, ayrim haydovchilar «yana bir boshqatdan haydang», deb talab qo‘yishadi — ballonga ko‘proq gaz ketishi uchun.

O‘zining va atrofidagilarning hayotini bor-yo‘g‘i 2–3 million so‘mga almashtirayotgan bunday haydovchilarni tushunish qiyin. Chunki biror kor-hol ro‘y berib, ballon portlasa — o‘zi va o‘zgalar hayotiga xavf soladi, avtomashina yaroqsiz holga keladi.

Shuningdek, ayrim yuk avtomobillari va avtobuslar standartga javob bermaydigan, kislorod ballonlariga ham metan gazga moslashtirib o‘rnatib olganiga guvoh bo‘lish mumkin. (Sirdaryoda portlagan avtobus ballonlari ham 2010 yilda Xitoyda ishlab chiqarilgan, kislorodga moslashgan ballon bo‘lgan).

Metanga moslashtirilgan kislorod ballonlari

Ballonga belgilangan me’yoriy bosim ostida siqilgan gaz urilishi natijasida uning devorlari kengayadi, qolaversa qishning sovug‘i va yozning jaziramasi ham metallga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu omillar metallning «charchashi»ga sabab bo‘ladi. Yuqorida aytib o‘tilgan iste’molga yaroqsiz ballonlarga ko‘p gaz solinishi natijasida uning choklari zaif joyidan yorilib ketishi ham bu noxush hodisalarga sabab bo‘ladi.

Sinov ishlari xo‘jako‘rsinga tashkil qilingan

O‘rnatilgan talablarga ko‘ra, sinovdan o‘tkazish muddati STG-1 ballonlari uchun 3 yil, suyultirilgan neft gazi (SNG), ya’ni propan ballonlarga 2 yil qilib belgilangan.

Metall ballonlar foydalanish muddati ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan o‘rnatiladi, biroq STG-1 tipidagi ballonlar uchun 15 yil yoki 15 mingta to‘ldirish sikli, SNG ballonlar uchun ham 15 yildan oshmasligi kerak. Bu muddat o‘tganidan so‘ng ballonlar utilizatsiya qilinishi kerak.

Hozir sinov stansiyalari tomonidan shunchaki sinov dalolatnomasi tuzilib, imzolanib, muhrlanib, haydovchining qo‘liga tutqaziladi. 50-60 ming so‘m evaziga. Ya’ni aksariyat hollatda ballonlar sinalmaydi, sinov dalolatnomasi pullanadi. Sinash ishlari 250–300 ming so‘mga aylanadi. Ko‘pincha haydovchilarning o‘zi arzonroqqa hujjat «sotib olish»ni ma’qul ko‘rishadi. Ya’ni sohada korrupsiya ham ildiz otgan.

Ballonlar sinovdan o‘tkazilganini YPX xodimlari nazorat qilishadi. Albatta, bu choralar yetarli emas.

O‘zbekiston dunyoda avtotransport vositalarining metan yoqilg‘isiga o‘tkazilishi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Ochig‘i, me’yoriy hujjatlarimiz metanlashish bo‘yicha hali juda ortda bo‘lgan Rossiya Federatsiyasinikidan shundoqqina ko‘chirib qo‘yilgan. Shu sababli, bu borada o‘zimizga xos, o‘zimizga mos talablar o‘zbek tilida tayyorlanib, targ‘ib qilinishi kerak.

Ayni paytda STG-1 turidagi ballonlar, (ayniqsa, metan ballonlar) HAR YILI sinovdan o‘tkazilishini belgilash kerak. Bu, ayniqsa, yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan jamoat transportlari va taksilar orasida qat’iy nazorat qilinishi kerak. Chunki yuqorida bot-bot takrorlanayotganidek, o‘rtada insonlar hayoti va salomatligi turibdi.

Ballonlarni sinash ishiga jiddiy qarash kerak

Aslida, sinov ishlarini tartibga solish u qadar qiyin emas. Barcha qaydlar avtomatlashtirilsa va kompyuterlashtirilsa bas. Sinovdan o‘tkazgan korxona avtomobil raqamini, ballon(lar)ning seriya raqamini va sinov o‘tkazilgan sanani kompyuterda qayd etib boradigan tizim yaratilishi kerak.

Sinov muddati yaqinlashayotgani yoki o‘tib ketgani YPX inspektorlarining planshetida xuddi texnik ko‘rik, sug‘urta, ishonchnoma ma’lumotlari kabi ko‘rinib tursin. Sinov muddatini o‘tkazib yuborgan avtomashinalar jarima maydonchasiga kiritilishi qat’iy belgilab qo‘yilishi lozim. Biror kor-hol ro‘y beradigan bo‘lsa — sinovdan o‘tkazgan korxonaga ham chora ko‘rilishi lozim.

Ana shunda ko‘zbo‘yamachilik bilan ballonlarni sinovdan o‘tkazmasdan, hujjat berib yuborilishiga barham beriladi.

AGTKSlar ham qat’iy nazoratga olinishi kerak

Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari belgilangan me’yoriy bosim (180-200 atmosfera) dan ortiq gaz to‘ldirgani uchun ham javobgarlik belgilanishi kerak — toki litsenziyasidan mahrum qilishgacha bo‘lgan.

AGTKSlar metan to‘ldirish uchun kelgan mashinalarni tekshiruvdan o‘tkazish ishiga panja ostidan qarashmoqda. Daromad ortidan quvib, ko‘proq mijoz yig‘ish uchun ularning ballonlariga me’yordan ortiq — 220–250 atmosfera bosimi ostida gaz to‘ldirib berishmoqda. Bu esa xavfni yanada oshirmoqda.

Tan olish kerak, bu holatni nazorat qilish nihoyatda qiyin. Yurtimizdagi yuzlab metan zapravkalarni aylanib, «nazorat xaridi»ni amalga oshirib ham barham berib bo‘lmaydi. Chunki ko‘plab AGTKSlar o‘z mijozlarini tanib olgan. Ortiqcha bosim bilan o‘shalarga haydab berishadi. Qolaversa, ortiqcha bosim bilan gaz to‘ldirishdan ayrim beo‘y haydovchilarning o‘zlari manfaatdor.

Xullas, hammasi haydovchilarning o‘ziga bog‘liq

Metan — arzon va ekologik toza yoqilg‘i hisoblanadi. Qolaversa, u o‘zimizda qazib olinadigan tabiiy gaz. U mutlaqo xavfsiz, zaharli emas. Ya’ni asosiy xavf metanning o‘zi emas, u solingan idish — ballondan. Belgilangan qoidalarni qo‘pol tarzda buzib o‘rnatilgan gaz balloni ehtimolli xavf-xatar manbayi bo‘ladi.

Shu sababli, avtomobilga metan ballon o‘rnatishda, taniqli ishlab chiqaruvchining avtomatik ventiliga ega sertifikatlangan ballon o‘rnatilayotganiga amin bo‘lish kerak. Ballonning o‘rnatilishi va joyiga qotirilishi yo‘riqnomaga mosligini tekshiring.

Unutmang, elementar foydalanish va tekshirish qoidalariga tupurib qo‘ygan haydovchi ehtimolli fojianing asosiy sababchisi hisoblanadi. Ya’ni yo‘llarda xavf-xatarsiz harakatlanish haydovchining o‘z qo‘lida.

Shu o‘rinda yana bir fikr. Maqolamizni yo‘lovchilarning o‘limiga sabab bo‘lgan avtobuslarning portlashi bilan bog‘liq hodisalardan boshladik. Sekin-asta, shahar va tumanlarimizda aholiga xizmat ko‘rsatadigan, metan yoqilg‘isida yuruvchi avtobuslar xizmatidan voz kechish kerak. Notekis, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda yurish, saratonning jaziramasida quyoshning tig‘ida turishi ham ballonlarning holatiga ta’sir qilishini unutmaslik kerak. Chunki metall qishning sovug‘ida torayadi va issiqda kengayadi.

Mana shularni e’tiborga olib, allaqachon ekologik toza elektrobuslarga o‘tish, trolleybuslar va tramvaylarni qayta tiklash fursati kelgan.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Top