Jahon | 22:14 / 10.09.2022
10601
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova hukumati Air Moldova aviakompaniyasiga Moskvaga parvozlarni tiklashni taqiqladi

Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Andrey Spinu fuqarolarni Moskvaga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar tiklangani haqidagi e’longa «aldanib qolmaslik»ka chaqirdi.

Foto: AP

Moldova fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi Air Moldova aviakompaniyasiga Kishinyov va Moskva o‘rtasidagi parvozlarni tiklashni taqiqladi.

Boshqarmaning izoh berishicha, ushbu qaror «aviatsion xavfsizlikni ta’minlash» bilan bog‘liq. 

Moldova bosh vaziri o‘rinbosari Andrey Spinu fuqarolarni Moskvaga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar tiklangani haqidagi e’longa «aldanib qolmaslik»ka chaqirdi.

«Air Moldova mas’uliyatsiz bayonot berdi. Biz fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi bilan birgalikda ma’lum qilamiz: birinchi navbatda yo‘lovchilar xavfsizligi, ularni himoya qilish haqida o‘ylashimiz kerak. Biz bunday parvozlarni xavfli deb hisoblaymiz», — dedi Spinu.

9 sentabr kuni Air Moldova Moskvaga parvozlar tiklanganini e’lon qilgandi. Kompaniya 1 oktyabrdan parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgandi.

«Ushbu qaror uyiga qaytish yoki oilasi bilan birga bo‘lishni istayotgan Moldova fuqarolarining ko‘psonli murojaatlari natijasida qabul qilindi», — deyilgandi aviakompaniya xabarida.

Moldova 24 fevral kuni, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng fuqaro aviatsiyasi uchun havo sarhadini yopgandi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid