O‘zbekiston | 08:20 / 15.09.2022
24662
5 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy taksi haydovchilari provokatsiya uyushtirmoqda – Uzbekistan Airports 

Noqonuniy taksichilar Toshkent xalqaro aeroportida rasmiy taksi ishga tushirilgach, bir necha provokatsiya uyushtirdi. Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva noqonuniy taksilar yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid ekanligini ta’kidladi. Uning tan olishicha, «kirakashlar» masalasini bir kunda va yolg‘iz hal qilib bo‘lmaydi. 

Foto: Kun.uz

Dushanba kuni Toshkent xalqaro aeroportida o‘zining taksi xizmati yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng, noqonuniy taksi haydovchilari bir qancha provokatsiyalar uyushtirdi, deb xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati. 

12 sentabr kuni taksi haydovchilaridan biri qo‘riqchini aeroportga kiritmagani uchun urgan. 14 sentabr kuni taksi haydovchilari aeroport rahbariyatidan o‘zlariga bepul to‘xtash joyi tashkil qilishni yoki faoliyatini davom ettirishlari uchun old hududga kiritishni talab qilib, rasmiy taksi xizmati avtomobillari terminaliga kirishni to‘sib qo‘ydi. 

«Aeroport xodimlari bu masalada qat’iy edi, ular huquq-tartibot idoralari vakillarini chiqarib, taksi haydovchilariga nisbatan choralar qo‘llash va aeroport hududida jamoat tartibini ta’minlash haqida ariza yozishdi», — deyiladi xabarda. 

«Aeroportlarda taksi haydovchilari bilan bog‘liq muammo dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mavjud bo‘lgan va hozir ham mavjud. Haddan tashqari qimmat, qo‘pol haydovchilar, aeroportda qat’iyan taqiqlangan gazda yuradigan eski mashinalar. Bular yo‘lovchilarning qo‘lidan ushlab, aldab, o‘zini odobsiz tutadigan «kirakashlar»dir», - deya izoh berdi Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva. 

«Biz bunday mashinalarning uchib kelish terminali zinapoyasigacha harakatlanishiga ruxsat bera olmaymiz. Bu nafaqat mamlakatning salbiy imiji, balki yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdiddir. Muammoning yagona yechimi – rasmiy taksi xizmatiga o‘tish – bu jahon amaliyoti», — dedi u. 

Kompaniya rahbarining alohida ta’kidlashicha, aeroportdagi rasmiy taksi shahardagi taksi kabi narxda bo‘lmasligini tushunish kerak, chunki u benzinda yuradi, yuqori servisga ega bo‘ladi va faqat aeroportga xizmat ko‘rsatadi. «Biroq, shu bilan birga, biz yo‘lovchilarni tanlov huquqida cheklamaymiz. 100 metrdan keyin siz boshqa har qanday taksiga o‘tirishingiz mumkin», dedi u. 

«Kirakashlar»ga kelsak, albatta, bu masala bir kunda hal bo‘lmaydi. Ayrim ommaviy axborot vositalari Toshkent aeroportida «kirakashlar» endi yo‘q, degan sarlavha bilan xabar berdi. Afsuski, ular bor va birmuncha vaqt bo‘ladi. Lekin biz ular bilan nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham oxirigacha kurashish niyatidamiz. Muhimi, hozir huquq-tartibot idoralari qo‘llab-quvvatlashi kerak. Aeroportning o‘zi bu muammoni hal qilolmaydi», — deya qo‘shimcha qildi boshqaruv kompaniyasi rahbari. 

Bundan oldin, 12 sentabr kuni Toshkent aeroporti hududida auksion orqali g‘olib deb topilgan taksi xizmati ish boshlagandi. Taxi Airport Tashkent stikerlari tushirilgan, yukxonaga ega yangi benzinli avtomobillar uchib kelish zali chiqishida turadi.

Taksi xizmatidan foydalanish tartibi: yo‘lovchilar uchib kelish zalida o‘rnatilgan peshtaxta oldiga kelib, manzilini aytadi. Menejyer tarif bo‘yicha kilometrni hisoblab chiqadi va to‘lash uchun summani aytadi. Agar narx yo‘lovchiga to‘g‘ri kelsa, u to‘lovni (naqd yoki bank kartasi orqali) amalga oshiradi, manzili va to‘langan summasi ko‘rsatilgan kvitansiya bilan terminaldan chiqib, birinchi turgan taksiga o‘tiradi. Yo‘lovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri peshtaxtani chetlab o‘tgan holda birinchi turgan mashinaga o‘tirib, taksi xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Terminal oldiga kirish faqat Taxi Airport Tashkent xizmati uchun mumkin bo‘ladi. Boshqa barcha taksilar, shu jumladan agregatorlar (Yandex, MyTaxi va boshqalar) orqali ishlaydigan taksilar avtoturargohlar oldidan yo‘lovchilarni olib ketishi mumkin bo‘ladi. Yo‘lovchi o‘z haydovchisini tezda topishi uchun uzoqdan ko‘rinadigan katta belgi o‘rnatiladi, bu taksi va yo‘lovchining uchrashadigan joyi ekanligini ko‘rsatadi.

Aeroportda xizmat ko‘rsatish uchun kompaniya «Komfort», «Biznes», «Lyuks» va «Premium» tariflarini joriy qildi. Mijozlarni birinchi qatorda «Komfort» tarifidagi avtomobillar kutadi. Boshqa tariflardagi avtomobillar ikkinchi qatorda turadi yoki yo‘lovchi iltimosiga binoan xizmat ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid