Jahon | 08:09 / 17.09.2022
34024
9 daqiqa o‘qiladi

Ozod qilingan shaharlardagi qiynoqqa solish joylari: urush 205-kuni asosiy voqealari

Izyumda o‘ldirilgan tinch aholi jasadlaridagi qiynoqlar izlari, Balakliyadagi qiynoqqa solish joylari, «LXR bosh prokurori»ning o‘ldirilishi, Xerson okkupatsion ma’muriyatiga raketa hujumi, Ukraina rasmiylariga Rossiya pasportini olganlik uchun jazo. 

Foto: cbc

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini 205-kunida, 16 sentabr, juma kuni rus qo‘shinlari qo‘shni davlatning bosib olingan aholi punktlarini nazorat ostida ushlab turishga urinishni davom ettirdi, Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) va uning hududiy mudofaa bo‘linmalari tajovuzga qarshilik ko‘rsatdi. Ukraina janubi va sharqida Ukraina kuchlarining qarshi hujumi davom etmoqda. Urishayotgan tomonlar vakillari bayonotlarini mustaqil manbalardan tekshirishning iloji yo‘q. 

Xarkiv oblastida, Ukraina armiyasi tomonidan ozod qilingan Izyum shahri chetidagi o‘rmonda ommaviy qabrlardan biri eksgumatsiya qila boshlandi. Kun davomida undan 445 ta tinch aholi vakili jasad qoldiqlari va bitta Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari dafn etilgan ommaviy qabr topildi, dedi Xarkiv oblasti prokurori Aleksandr Filchakov. 

«Tinch aholiga kelsak, eksgumatsiya paytida qiynoqlar faktlari aniqlandi. Ochilgan birinchi qabrda marhumning jasadida, bo‘ynida arqon borligi ko‘rindi. Qo‘l-oyoqlari esa singan. Ya’ni, bu zo‘ravonlik ekanini ko‘rsatishi mumkin», - dedi u. 

«Qo‘llari orqasiga bog‘langan bir qancha jasadlar bor, bir kishi esa bo‘yniga arqon bog‘lab ko‘milgan. Shunisi aniqki, bu odamlar qiynoqqa solingan va qatl etilgan. Ko‘milganlar orasida bolalar ham bor», - deydi Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov.

Tergovchilar va kriminalistlar ishining birinchi kunida 23 nafar tinch aholi vakili va 17 nafar harbiy xizmatchining jasadi eksgumatsiya qilindi. Ukrainaning bedarak yo‘qolganlar ishi bo‘yicha vakolatli vakili Oleg Kotenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Izyum shahrini bosib olishi paytida halok bo‘lganlar soni Bucha fojiasi qurbonlari sonidan ko‘p bo‘lishi mumkin. 

Bir hafta ichida Ukraina Milliy politsiyasi xodimlari rus qo‘shinlaridan ozod qilingan Xarkiv oblasti tumanlarida odamlar ushlab turilgan va qiynoqqa solingan kamida 10 ta joyni aniqladi. Balakliyada rus harbiylari tomonidan ikkita qiynoq kamerasi tashkil etilgan - mahalliy politsiya bo‘limi va bosmaxonada. 

U yerda odamlar sud binosidan olib kelingan to‘rtta plastik boksda saqlangan. Milliy politsiya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar elektr toki, bolg‘a va «bo‘g‘ib qo‘yish» deb ataladigan vositalar bilan qiynoqqa solingan. «Ilmoq - bu ikkita yog‘och yoki metall ilgak, ular orasida odamni bo‘g‘adigan sim bor. O‘lgan fuqarolarimizdan biri shu tarzda bo‘g‘ilib o‘ldirilgan - qirq yoshli fermer», - deydi idora boshlig‘i. Bu hududda, Ukraina politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Tolyatti shahridan OMON bo‘linmasi, FXX vakillari, «LXR» jangchilari va Rossiya Milliy gvardiyasi bo‘linmalari bo‘lgan. 

Huquq-tartibot idoralari xodimlari Izyum shahrida yana oltita, Vovchansk va Grakove qishlog‘ida bittadan qiynoqqa solish joylarini topdi. 

Luganskdagi «LXR Bosh prokuraturasi» binosida yuz bergan portlash natijasida «idora boshlig‘i» Sergey Gorenko va uning o‘rinbosari Yekaterina Steglenko halok bo‘ldi. Rossiya agentliklariga ko‘ra, portlash «bosh prokuror» xonasida sodir bo‘lgan, u yerda qo‘lbola portlovchi qurilma ishga tushgan. 

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak «LXR bosh prokurori» va uning o‘rinbosarining o‘ldirilishini «mahalliy uyushgan jinoiy guruhlar o‘rtasida katta miqyosli qochishdan oldin talon-toroj qilingan mol-mulkni bo‘lib olish bo‘yicha o‘zaro qarama-qarshilik yoki Rossiya tomonidan harbiy jinoyatlar guvohlarini tozalash» deb atadi.

Rossiya agentliklarining xabar berishicha, 16 sentabr kuni ertalab rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Xersonda portlashlar sodir bo‘lgan. RIA «Novosti» xabariga ko‘ra, bunga «Xerson oblasti harbiy-fuqarolik ma’muriyati» binosiga raketa hujumi uyushtirilgani sabab bo‘lgan. Rossiya tomonidan «HFM rahbari o‘rinbosari» etib tayinlangan Kirill Stremousovning ta’kidlashicha, «ma’muriyat»ga HIMARS yalpi o‘t ochuvchi reaktiv tizimidan (YaO‘RT) «taxminan beshta raketa» uchirilgan.

«Albatta, janob Stremousovning kabinetiga beshta haymars uchirildi. Yadro kallaklari bo‘lgan beshta ballistik raketa uchib kelmagani meni hayratda qoldirdi», — deya izoh berdi bunga Ukraina prezidenti devonining maslahatchisi Mixail Podolyak.

Zarba vaqtida binoda «shahar munitsipalitetlari rahbarlari» yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan bo‘lgan. Okkupatsion hukumat uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. 

Zaporizka oblastining Berdyansk shahrida shahar okkupatsion ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Oleg Boyko va uning «referendum» o‘tkazish bo‘yicha mahalliy hududiy saylov komissiyasini boshqargan rafiqasi Lyudmila o‘ldirildi. 

Rossiya nazoratidagi shahar ma’muriyatining ma’lum qilishicha, qotillik Koloniya mikrorayonidagi Boykoning garaji yaqinida sodir bo‘lgan. Ma’muriyat boshqa tafsilotlarni keltirmagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin birinchi marta Ukrainaning qarshi hujumiga izoh berdi. «Kiyev rasmiylari Rossiya bilan hech qanday kelishuvga intilmasliklarini, balki jang maydonida g‘alaba qozonishlarini ma’lum qilishdi. Ular bu qarshi hujumni o‘tkazish orqali buni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Ko‘ramiz, u qanday tugaydi», - dedi Rossiya prezidenti Samarqanddagi matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kremlning harbiy rejalari «to‘g‘rilanmaydi». «Asosiy maqsad - butun Donbass hududini ozod qilish. Ukraina armiyasining qarshi hujumga urinishlariga qaramay, bu ish davom etadi. Donbassning o‘zida ham hujum operatsiyalarimiz to‘xtamayapti, davom etmoqda. Ular sekin sur’atda ketmoqda, lekin izchil, asta-sekin rus armiyasi yangi va yangi hududlarni egallab olmoqda», dedi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «to‘liq armiya bilan jang qilmayapti». «Biz faqat Rossiya armiyasining bir qismi, shartnomadagilar bo‘linmasi bilan jang qilmoqdamiz. Tabiiyki, bu shaxsiy tarkibning ma’lum parametrlari va boshqalar bilan bog‘liq», - dedi prezident. 

Ukraina hukumati Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarida Rossiya pasportini olishga majburlaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasini kelishib oldi, deb xabar berdi bosh vazir o‘rinbosari Irina Vereshchuk. 

Rossiya pasportini olgan Ukraina davlat xizmatchilari uchun qonun loyihasi 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. Ukraina fuqarolarini Rossiya pasportini olishga majburlash uchun 8 yildan 12 yilgacha muddat beriladi. Xuddi shu muddat - bilvosita majburlash uchun, ya’ni «Rossiya pasportini olmaslik Ukraina fuqarosining huquqlarini pasaytiradigan yoki uni boshqa noqulay ahvolga soladigan sharoitlarni yaratish». 

«Ushbu yangiliklar dushman pasportiga ega bo‘lgan davlat xizmatchilariga va Rossiya pasportini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita targ‘ib qiluvchilarga qarshi qaratilgan. Bu qonun loyihasi boshqa shaxslarga taalluqli emas», - deya ta’kidladi Vereshchuk va yangi qonun loyihasining me’yorlari birinchi navbatda «pasportlashtirish tashkilotchilari va ular yordamchilari, shu jumladan Rossiya fuqarolarini jazolash»ga qaratilganini qo‘shimcha qildi. 

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 600 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini ajratishga buyruq berdi, deb xabar qildi Oq uy. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, yangi paketga HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi (YaO‘RT)ga qo‘shimcha snaryadlar, 105 millimetrli artilleriya qurilmalari uchun 36 ming o‘q-dori, 1000 ta aniq boshqariladigan 155 millimetrli artilleriya snaryadlari va to‘rtta artilleriyaga qarshi radar kiradi.

Bundan tashqari, Ukrainaga og‘ir texnika tashish uchun to‘rtta yuk mashinasi va sakkizta tirkama, uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi tizimlar, minalardan tozalash uskunalari, Claymore piyodalarga qarshi minalar, portlovchi moddalar, qurol va o‘q-dorilar, tungi ko‘rish moslamalari yetkazib beriladi. 

Mavzuga oid