10:18 / 20.09.2022
6609

Blinken Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi

AQSh davlat kotibining Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvi Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroning so‘nggi keskinlashuvidan keyingi birinchi uchrashuv bo‘ldi.

Foto: Reuters

19 sentabr, dushanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Nyu-Yorkda Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Jayxun Bayramov bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaroning so‘nggi keskinlashuvi boshlanganidan beri tomonlar o‘rtasidagi birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘ldi, deya ta’kidladi Davlat departamenti. 

Mirzoyan va Bayramov bilan uchrashuvda Blinken mojaro chog‘ida insonlarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi va bundan keyin ham harbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidladi, dedi AQSh tashqi siyosat idorasi matbuot kotibi Ned Prays. 

«Ular mojaro keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi keyingi qadamlarni muhokama qildi va davlat kotibi tomonlarni oy oxirigacha yana uchrashishga chaqirdi», — dedi Prays. 

Blinken Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv oldidan bergan izohida, Vashington «janglar to‘xtagani va so‘nggi bir necha kun ichida yangi harbiy harakatlar bo‘lmaganidan ilhomlanganini» ta’kidladi. 

Bir kun avval, 18 sentabr kuni Entoni Blinken Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, uni Armaniston bilan chegarada sulhga rioya qilishga, qo‘shinlarni olib chiqib ketishga va barcha kelishmovchiliklarni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga undadi. 

16 sentabr kuni Blinken Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. AQSh davlat kotibi 19 sentabr kuni aytishicha, Pashinyan ham, Aliyev ham uni tinchlikka tayyor ekanliklariga ishontirishgan. «Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga harbiy yechim yo‘q. Lekin, menimcha, uzoq muddatli tinchlikka erishish yo‘li bor, u kelishmovchiliklarni diplomatiya yo‘li bilan hal qiladi. Qo‘shma Shtatlar bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga tayyor», - dedi Blinken. 

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi mojaro 13 sentabrga o‘tar kechasi yana avj oldi. Armaniston Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarboyjon chegaradagi Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxanasar, Goris va Kapan aholi punktlari yo‘nalishini o‘qqa tutgan. Bokuda Yerevan Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlaridagi chegarada «keng ko‘lamli diversiya»da ayblandi. 

Janglar natijasida 230 dan ortiq odam halok bo‘ldi. 15 sentabrga o‘tar kechasi sulh bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

18 sentabr kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi prezidenti Nensi Pelosi Armanistonga tashrifi chog‘ida Ozarboyjonning Armaniston bilan chegaradosh hududiga «noqonuniy va halokatli hujumlarini» qoralashini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Boku bu bayonotni Ozarboyjonga nisbatan «asossiz va nohaq ayblovlar» uchun tanqid qilib, ularni «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi. 

Shu kuni Yerevanda bir necha yuzlab namoyishchilar Armanistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dan chiqishini talab qilib norozilik namoyishi o‘tkazdi. Namoyishchilarga ko‘ra, tashkilot Ozarboyjonning Armanistonga qarshi hujumlarini oldini olish uchun hech qanday chora ko‘rmagan. 

Mavzuga oid
Top