22:32 / 28.09.2022
11096

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sakkizinchi sanksiyalar paketini taklif qildi 

Sanksiyalarni chetlab o‘tishga uringanlarga qarshi jazo choralari qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Foto: AP

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen va YeI tashqi siyosat xizmati rahbari Jozep Borrel Rossiyaga qarshi sakkizinchi sanksiyalar paketi mazmunini e’lon qildi

"Rossiya Ukrainaga bosqinni yangi darajaga olib chiqdi. Rossiya egallab olgan hududlarda tashkillashtirilgan "referendum"lar yerlarni noqonuniy egallab olish va xalqaro chegaralarni kuch bilan o‘zgartirish hisoblanadi. Safarbarlik va Putinning yadro qurolini qo‘llash haqidagi tahdidi – urushni avj oldirishdagi navbatdagi qadamlar. Biz soxta referendumlarni ham, Ukraina hududlarining annexia qilinishini ham tan olmaymiz. Kremlni bu urush uchun tovon to‘latishga majbur qilish qarorida qat’iymiz", - dedi fon der Lyayyen. 

Yevrokomissiya Yevroittifoqqa Rossiya mahsulotlari kirishiga yangi taqiqlar joriy etishni taklif qilmoqda.

"Bu Rossiya mahsulotlarining Yevropa bozoriga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi va RFni qo‘shimcha 7 mlrd yevro daromaddan mahrum qiladi, - dedi u. – Bu bilan Rossiyani izolyatsiya qilamiz va uning iqtisodiyotiga yanada ko‘proq zarba beramiz".

Shu bilan birga, YeIdan Rossiyaga eksport qilish taqiqlangan mahsulot va xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish taklif qilinmoqda. 

YeI mamlakatlari fuqarolariga Rossiya davlat kompaniyalari boshqaruv tuzilmalarida qatnashish taqiqlanadi, chunki "Rossiya Yevropa bilim va tajribalaridan foydalanmasligi kerak", dedi fon der Lyayyen.

"Yettilik guruhi" (G7) uchinchi mamlakatlar uchun Rossiya nefti narxiga cheklov kiritishga kelishib oldi, dedi Yevrokomissiya raisi.

Bundan tashqari, sanksiyalarni chetlab o‘tishga uringanlarga qarshi jazo choralari qo‘llash rejalashtirilmoqda. Masalan, kompaniyalar YeI mahsulotlarini sotib olib, uchinchi mamlakatlarga olib o‘tib, so‘ngra Rossiyaga sotgan taqdirda, dedi Jozep Borrel. 

Shuningdek, Rossiya bosqini va Ukraina hududlari annexiasiga aloqador bo‘lganlar, bosib olingan hududlarda Rossiya tomonidan rahbarlikka qo‘yilganlar, Ukrainaning bosib olingan hududlarida referendumlar tashkil etgan Rossiya fuqarolari, Rossiya mudofaa vazirligidagi amaldorlar, Rossiya armiyasini qurol-yarog‘ bilan ta’minlayotganlar hamda 300 ming kishini safarbar qilishda qatnashayotgan fuqarolar va yuridik shaxslar sanksiyalar ro‘yxatiga kiritiladi. 

"Kreml noqonuniy "referendum"lar uyushtirish orqali biz 2008 yilda Gruziyada va 2014 yilda Qrimda ko‘rgan sxema bo‘yicha harakat qilmoqda. Biz bu soxta referendumlarni qat’iyan qoralaymiz va ularning natijalarini tan olmaymiz", - dedi Jozep Borrel.

Mavzuga oid
Top