Jahon | 13:52 / 29.09.2022
7322
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Kremlga yaqin hisoblanuvchi partiya ofislarida tintuvlar o‘tkazildi

Huquq-tartibot idoralari «Germaniya uchun muqobil» (GM) partiyasining bir nechta ofislarida tintuv o‘tkazdi – uning sobiq rahbarlari moliyaviy qonunbuzarliklarda ayblanmoqda.

Foto: Reuters

Berlin prokuraturasi, shuningdek, Germaniyaning boshqa bir qator federal hududlari huquq-tartibot idoralari 28 sentabr, chorshanba kuni «Germaniya uchun muqobil» partiyasining shtab-kvartirasi va bir qator mintaqaviy bo‘limlarida tintuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda dpa. Tintuvlar GM sobiq rahbari va g‘aznachisi tomonidan partiya qonunchiligini buzganlik va o‘zlashtirish gumonlari bilan bog‘liq holda o‘tkazilgan. 

Mahkama ma’lumotlariga ko‘ra, GMning 2016-2018 yillardagi faoliyati to‘g‘risida hisobotlarni tuzish uchun mas’ul bo‘lgan GM sobiq rahbari Yorg Moyten va sobiq federal partiya g‘aznachisi Klaus-Gyunter Forman partiya qonunchiligini buzgan bo‘lishi mumkin, ular partiya xayriyalari bilan bog‘liq mablag‘larni o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda. Ularga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralari xodimlari «2017 yilgi saylov kampaniyasini moliyalashtirish bo‘yicha bir nechta jihatlarga» aniqlik kiritmoqchi - o‘tmishda GM Gido Rayl va Moytenning Yevropa parlamenti uchun saylovoldi kampaniyalarini chet eldan moliyalashtirgani uchun 400 ming yevrodan ortiq jarimaga tortilgan edi. Xuddi shu yili Bundestag saylov kampaniyasi uchun xorijiy mablag‘larga e’tibor qaratdi, buning natijasida GM birinchi marta Germaniya parlamentiga kirdi. 

Tintuv Berlin va uchta federal hudud: Baden-Vyurtemberg, Bavariya va Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi partiya yettita binosida o‘tkazildi, tadbirlar natijasida turli «hujjatlar va axborot tashuvchilari» olingan. 

GM partiyasi a’zosi Alis Vaydel va uning raisi Tino Xrupalla tergov choralarini tanqid qildi. Vaydel ularni «Germaniyadagi eng muhim muxolifat partiyasi sifatida GMni qo‘rqitish chorasi» deb atagan bo‘lsa, Xrupalla prokuratura faoliyat haqida oldindan xabardor qilganida, partiya unga kerakli hujjatlarni taqdim qilgan bo‘lardi, dedi. 

Bundestagda o‘ng qanot populistik partiya nafaqat parlamentariylar ishiga aralashgan, balki rossiyaparast kun tartibini ilgari surgan - 2020 yilda GM rahbariyati Moskvada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin esa GM vakillari parlamentdagi munozaralarda «Shimoliy oqim-2» quvurini ishga tushirishni yoqladi. Bundan tashqari, sentabr oyida partiyaning bir nechta a’zolari Rossiyaga borib, Donbasning rus qo‘shinlari tomonidan egallab olingan qismiga tashrif buyurish niyatida ekanliklarini e’lon qildi - hatto GM rahbariyatining o‘zi ham ularni bu g‘oyasi uchun tanqid ostiga oldi. 

2022 yil mart oyida partiya raisi Tino Xrupalla hamda GM rahbariyati o‘rtasida Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi munosabati bilan ziddiyat yuzaga keldi. Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon bir oy ichida bir necha yuz kishi GM safini tark etgan. Ular raisning «bugungi kunda maqsad - faqat bitta aybdor tomonni topish bo‘lishi mumkin emas» degan pozitsiyasiga qo‘shilmagan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid