Jahon | 10:49 / 01.10.2022
6166
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya fuqarolari uchun Yevropa ittifoqiga kirish yanada qiyinlashadi

Yevropa komissiyasi xavfsizlikka tahdidlarni hisobga olgan holda Rossiya fuqarolariga vizalar berish bo‘yicha tavsiyalarni yangiladi. Konsullar har bir murojaat etuvchining shaxsini tekshiradi va chegarada ular vizasi bo‘lsa ham, Yevropa ittifoqiga kirishni rad etishlari mumkin.

Foto: Depositphotos

Rossiya tomonidan jiddiy xavfsizlik tahdidlari paydo bo‘lishi munosabati bilan, Yevrokomissiya Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiya fuqarolari uchun turistik vizalar berish bo‘yicha yangilangan tavsiyalarni taqdim etdi. Yevropa komissiyasi Rossiyadagi Yevropa diplomatik vakolatxonalari konsullariga, agar fuqaroning Yevropa ittifoqida 90 kundan ortiq qolishiga shubha tug‘ilsa, ariza beruvchilarga qisqa muddatli Shengen vizalarini berishdan bosh tortishni tavsiya qildi. Shu bilan birga, YeI dissidentlar, jurnalistlar va oilaviy sabablarga ko‘ra viza so‘ragan kishilar uchun istisno qiladi.

Tavsiyalarda, shuningdek, Rossiyaga qo‘shni davlatlarga sayohat qilgan Rossiya fuqarolari u yerdagi Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga turistik vizaga murojaat qilish huquqiga ega emasligi qayd etilgan. Bu haqda 30 sentabr, juma kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida Yevropa komissari Ilva Yoxansson ma’lum qildi. Shuningdek, u Rossiya fuqarolariga uzoq muddatli vizalar va siyosiy boshpana berish masalalari YeIga a’zo davlatlarning milliy hukumatlari vakolati doirasida qolayotganini ta’kidladi.

«Xavfsizlik tahdidlari haqida gap ketganda, biz jiddiy ahvoldamiz. Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushi bilan boshlandi. Biz Ukrainada qiynoqlar izlari bilan odamlarning ommaviy qabrlarini ko‘rdik, «Shimoliy oqim» gaz quvuriga hujumlarni ko‘rdik, Putin yaqinda Rossiya fuqarolarining harbiy safarbarligi va Ukraina to‘rtta hududining noqonuniy annexia qilinishini e’lon qilganini ko‘rdik. Bularning barchasi xavfsizlik muammolari o‘ta jiddiy ekanligini anglatadi», dedi Yevropa komissari Yoxansson. Oxirgi voqealar munosabati bilan Yevrokomissiya Yevropa ittifoqi bilan viza rejimini liberallashtirishni butunlay bekor qilishga va Rossiya fuqarolariga qisqa muddatli vizalar berish bo‘yicha maxsus tavsiyalar qabul qilishga qaror qildi. 

Amalda, bu «a’zo davlatlar ariza beruvchining Yevropa ittifoqiga safari sabablarini baholashda yanada qat’iy yondashishi, shuningdek, «uning xavfsizlikka xavf tug‘dirishi yoki yo‘qligini tekshirish uchun to‘liq tekshiruv o‘tkazishi» kerakligini anglatadi. «Bu harbiy safarbarlikdan qochishga urinayotgan Rossiya fuqarolariga ham tegishli», deyiladi tavsiyalarda. Agar «Ukrainaga borishni xohlamagan» rossiyalik uzoq muddatli Yevropa ittifoqi vizasi yoki siyosiy boshpana olishni istasa, a’zo davlatlar konsulliklari bunday arizalarni milliy qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqishi kerak, deya tushuntirdi Yoxansson. «Turizm vizasi - bu imtiyoz, boshpana olish huquqi esa - insonning asosiy huquqi. Bu huquqni ta’minlash uchun YeI Rossiya fuqarolariga boshqa davlatlar fuqarolariga nisbatan amalda bo‘lgan yondashuvni qo‘llaydi», - dedi Yevropa komissari. 

Yevropa komissiyasi, shuningdek, Rossiyadan ko‘plab erkaklar qo‘shni davlatlarga jo‘nab ketganligi sababli mamlakatlarga viza arizalarini topshirish shartlarini kuchaytirishni tavsiya qildi. Yoxansson so‘zlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqining uchinchi davlatlardagi konsulliklari Rossiya fuqarolaridan viza olish uchun arizalarni qabul qilmaydi, ular buni faqat Rossiya hududida amalga oshirishlari mumkin. 

Shu bilan birga, Yevropa komissari yangi viza tavsiyalari insonparvarlik nuqtayi nazaridan qisqa muddatli viza olishni xohlovchilarga taalluqli emasligini ta’kidladi. «Bizda dissidentlar, jurnalistlar, faollar va muayyan oilaviy sharoitga ega bo‘lganlar uchun hech qanday cheklovlar yo‘q», dedi Yoxansson. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa komissiyasi viza arizalarini ko‘rib chiqishda, agar ular muxolifatchi siyosatchilar, faollar yoki jurnalistlar tomonidan taqdim etilgan bo‘lsa, ustuvorlik tamoyilini qo‘llashni tavsiya qiladi, shu bilan birga, «turistik vizalar uchun arizalar xavfsizlikka tahdidlarni hisobga olgan holda ustuvorlikdan mahrum qilinishi kerak».

Biroq, amaldagi vizaga ega bo‘lish Rossiya fuqarosining Yevropa ittifoqi chegarasini kesib o‘tishini kafolatlamaydi. «Biz Yevropa ittifoqiga xavfsizlikka tahdidlarni hisobga olgan holda Rossiya fuqarolarini qattiq tekshirish tavsiyasi bilan a’zo davlatlarning chegara xizmatlariga murojaat qildik», dedi yevropalik rasmiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeIda «ruslar sayyoh sifatida Putinning targ‘iboti uchun ukrainalik qochqinlarni gijgijlash uchun kelganiga oid» holatlar ham kuzatilgan. «Biroq, xavfsizlikka jiddiyroq tahdidlar haqida gapirishga asoslar bor, shuning uchun har bir murojaat etuvchini sinchiklab tekshirish kerak», dedi u. 

Hozirda Yevropa ittifoqiga Rossiya fuqarolarining sezilarli oqimi kuzatilmayapti. Yoxanssonning so‘zlariga ko‘ra, sentabr oyida Rossiya fuqarolari tomonidan Yevropa ittifoqi chegaralarini kesib o‘tish bilan bog‘liq holatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan «10-20 mingga ko‘p kirish»ni tashkil qilgan. «Agar o‘tgan yili YeIga 170 ming Rossiya fuqarosi kirgan bo‘lsa, bu yil - 190 ming. Ya’ni, odatdagidan ko‘proq kirish bo‘lgan, ammo bu YeI uchun unchalik ko‘p emas», - dedi Yevropa komissari.

Rossiya fuqarolarining boshpana so‘rab murojaat qilishi statistikasi ham so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshmagan. «O‘tgan haftada kuniga 20-30 ta shunday ariza kelib tushdi. Bu ko‘p emas», - dedi Yoxansson. Biroq, uning ta’kidlashicha, hozirda ko‘plab rossiyaliklar RFdan qo‘shni davlatlarga safarbarlikka chaqirilmaslik uchun ketayotgani hisobga olinsa, «bu odamlar YeIga ham kirishni xohlaydi» deb taxmin qilish mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid