Yaqin-yaqingacha maishiy zo‘ravonlik faqat oila ichida hal qilinadigan gap edi. Hukumat ochiqchasiga (barcha vaziyatlarda emas!) oilaviy zo‘ravonlikni tan olayotgani bu yo‘nalishda ijobiy tendensiyani boshlab berdi. Xotin-qizlarga berilayotgan himoya orderi jabrlanuvchini zo‘ravondan asrashning bir yo‘li sifatida taqdim etilmoqda. Orderning joriy etilgani ijobiy qadam. Amaliyotda u qanday ishlayapti? Jabrlanuvchilarga haqiqatan yordam berolyaptimi? Shu va boshqa savollarga maqolada javob izlashga urinamiz. 

“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda himoya orderiga quyidagicha ta’rif berilgan:

Himoya orderi – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanishiga sabab bo‘ladigan hujjat.

Tushuniladiki, order xotin-qizlarga nafaqat turmush o‘rtog‘i, balki qarindoshlari, hamkasbi zulmidan himoyalanish uchun ham beriladi. Himoya orderi jabrlanuvchiga murojaat qilgan kunidan boshlab 24 soat ichida huquq-tartibot organlari tomonidan beriladi va 30 kungacha amal qiladi. Holat o‘zgarmasa, muddat yana 30 kungacha cho‘zilishi mumkin.

“Himoya orderi berilganidan so‘ng uni nazorat qilish mexanizmi ishlamaydi”

Gender tengligi masalalari bo‘yicha mutaxassis, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b. Kamola Aliyeva:

“Himoya orderi berilgandan keyin zo‘ravon va jabrlanuvchi aloqalari cheklanadi va bu qay tartibda nazorat qilinadi? Buning aniq mexanizmi yo‘q. Himoya orderi berilsa ham zo‘ravonning qayta tazyiq o‘tkazish holatlari juda ko‘p. “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 2061-moddasiga ko‘ra, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Bu degani zo‘ravonlik holati qayta takrorlanishi ham jarima bilan jazolanadi. Jinoiy javobgarlik yo‘q. Bu esa zo‘ravonni qo‘rqitolmaydi. Himoya orderi berilganidan keyingi vaziyat qanday monitoring qilinishi bizga qorong‘i. Hech qayerda aniq tafsilotlar e’lon qilinmagan”.