8 oktyabr tongida Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi temiryo‘l ko‘prigida portlash ro‘y berishi oqibatida avtomobil ko‘prigining bir qismi qulab tushdi. Yonilg‘i to‘ldirilgan bir necha sisternalar yonib ketdi, ko‘prik bo‘ylab avtomobil va poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi.

Ko‘prikning mashinalar harakatiga mo‘ljallangan qismi o‘pirilib tushgan.
Moya Feodosiya / TASS

Shanba kuni kechga borib annexia qilingan Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan gubernatori Sergey Aksenov ko‘prik bo‘ylab yengil avtomobillar va avtobuslar harakati tiklangani, bunda barcha transport vositalari «to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilishi», yuk mashinalari esa bo‘g‘ozni parom orqali kechib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.

Shuningdek, ko‘prikdagi portlash va yong‘in oqibatida shikastlangan temiryo‘l ham tezda ta’mirlanishi va’da qilindi. Shu kuni kechqurun «Rossiya temiryo‘llari» 15 vagonli ilk poyezd ta’mirlangan ko‘prik orqali o‘tgani haqida xabar berdi.

Ko‘prikdagi portlash va yong‘in haqida ilk xabarlar 8 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 6 atrofida tarqala boshladi.

Mahalliy rasmiylar ko‘prik bo‘ylab harakatlangan yuk poyezdida yonilg‘i to‘ldirilgan sisternalar yonib ketgani to‘g‘risida xabar berishdi. Bu haqda dastlab annexia qilingan Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkov aytdi, keyin uning so‘zlarini «Qrim temiryo‘llari» matbuot xizmati tasdiqladi. «Kema arkalari shikastlanmagan. Hodisa sababi va oqibatlari to‘g‘risida gapirishga hali erta. Yong‘inni o‘chirish bo‘yicha ish olib borilmoqda», deya yozdi Kryuchkov o‘z telegram-kanalida.

Reuters / Scanpix / LETA

Keyinroq Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi Qrim ko‘prigida yuk avtomobili portlatilgani, bu esa parallel temiryo‘ldagi poyezdning yonilg‘i to‘ldirilgan yettita sisternasi yonib ketishiga olib kelganini ma’lum qildi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Qrim ko‘prigidagi portlash oqibatida uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. «Bular portlatilgan yuk mashinasi yaqinida harakatlangan yengil avtomobil yo‘lovchilari bo‘lgan. Ayni vaqtda suvdan ikki kishi jasadi olib chiqilgan - erkak va ayol, ularning shaxsi aniqlashtirilmoqda», deyilgan idora telegram-kanalida.