O‘zbekiston | 13:45 / 11.10.2022
2644
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Savdo vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga keladi

16 oktabr kuni AQSh Savdo vazirligi delegatsiyasi Toshkentga keladi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Amerika delegatsiyasiga boshchilik qiladigan AQSh savdo vazirining o‘rinbosari Marisa Lago shu haqda ma’lum qildi.

Muzokaralar chog‘ida bo‘lajak tashrif kun tartibi va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. AQSh Savdo vazirligi vakili o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma dastur hamda tashabbuslarni ilgari surishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Amerika delegatsiyasining O‘zbekistonda bo‘lishi davomida bir qator vazirlik va idoralarda uchrashuv va muzokaralar, Amerika va mahalliy kompaniyalarning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishuvlar, Amerika Savdo palatasi - AmCham Uzbekistan a’zolari bilan alohida brifing o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, AQSh Savdo vazirligining qisqa muddatli biznes amaliyoti maxsus dasturi (SABIT) bitiruvchilari va O‘zbekiston Ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Vazir o‘rinbosari boshchiligidagi Savdo departamenti delegatsiyasi pandemiya tugaganidan beri O‘zbekistonga birinchi marta tashrif buyurmoqda. M.Lago AQSh savdo idorasining Prezident Jo Bayden ma’muriyatidagi bunday yuqori darajadagi birinchi vakili sifatida mamlakatga keladi.

2018 yil oktabr oyida AQSh savdo vaziri Uilbur Ross Toshkentga tashrif buyurgan edi. Uilbur Ross bilan erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 2019 yil iyun oyida AQSh Savdo vazirligining sertifikatlangan Savdo missiyasi O‘zbekistondagi biznes va sarmoyaviy muhit bilan yaqindan tanishish maqsadida Amerikaning 13 ta yirik kompaniyalari bilan Toshkentga kelgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid