22:17 / 11.10.2022
36112

Qozog‘iston prezidentligiga 12 kishi nomzodi qo‘yildi

11 oktabr kuni Qozog‘istonda prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni yakunlandi.

Fotokollaj: Tengrinews.kz

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan quyidagi nomzodlar ro‘yxatga olindi (hujjat topshirish tartibi bo‘yicha):

1. Jiguli Dayraboyev, 68 yoshda, «Ovul» partiyasidan nomzodi qo‘yilgan. «Atameken» partiyasi prezidiumi qoshidagi Agrosanoat majmuasi qo‘mitasi raisi va Qozog‘iston fermerlar uyushmasi raisi.

2. Qosim-Jo‘mart To‘qayev, 69 yoshda, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalarining xalq koalitsiyasi tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatildi. Qozog‘istonning amaldagi prezidenti.

3. Nurlan Auyesbayev, 65 yoshda, Umummilliy sotsial-demokratik partiyasi tomonidan nomzodi ko‘rsatildi.

4. Meyram Kajiken, 61 yoshda, ro‘yxatdan o‘tmagan «Yntymaq» partiyasi rahbari, «Amanat – Qozog‘iston kasaba uyushmalari hamdo‘stligi» tomonidan nomzodi qo‘yildi.

5. Karakat Abden, 48 yoshda, bo‘lajak saylovlarda birinchi ayol nomzod, Professional ijtimoiy ishchilar milliy alyansidan nomzodi qo‘yildi. Prezident huzuridagi Xotin-qizlar ishlari va oilaviy-demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiya a’zosi.

Markaziy saylov komissiyasiga hujjat topshirgan, biroq nomzodi ro‘yxatga olish jarayonida bo‘lganlar:

1. Talgat Yergaliyev, «Qozog‘iston quruvchilar ittifoqi» yuridik shaxslar birlashmasidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Hozircha Talgat Yergaliyev qozoq tili bo‘yicha imtihon topshirmagan.

2. Saltanat Tursinbekova, «Qazaq analari – dasturge jol» jamoat birlashmasidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Oliy sudda ishlagan, Ostona shahar jamoat kengashining faol a’zosi, shuningdek, «Oilaviy zo‘ravonliksiz Qozog‘iston» loyihasi rahbari.

3. Nurjan Altayev, 44 yoshda, sobiq deputat. «Muqqalmas» nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan nomzodi ko‘rsatilgan.

4. Jumatay Aliyev, 70 yoshda, «Xalq demografiyasi» jamoat birlashmasi tomonidan mamlakat prezidentligiga nomzodi ko‘rsatilgan. Qozog‘iston xalqi assambleyasidan beshinchi chaqiriq parlament Majilisi deputati bo‘lgan.

5. Xayrulla Gabjalilov, 72 yoshda, «O‘rolmanlar assotsiatsiyasi» nodavlat tashkiloti tomonidan nomzodi ko‘rsatilgan. Qozog‘iston milliy valutasi – tengeni ishlab chiqqan dizaynerlar guruhi a’zosi bo‘lgan.

6. Baxit Janabayev, 46 yoshda, «Qozog‘iston futbol muxlislari ligasi» jamoat birlashmasi tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Astana shahar davlat daromadlari departamentida ishlaydi.

7. Fotima Bizakova, «Amaliy psixologiya» Respublika jamoat birlashmasidan nomzodi ko‘rsatilgan.

Prezidentlikka nomzodlar saylovchilar umumiy sonining kamida bir foizi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Qozog‘iston Respublikasida 2022 yil 1 iyul holatiga saylovchilarining umumiy soni 11 million 827 ming 277 nafarni tashkil etadi. Shunday qilib, prezidentlikka nomzod kamida 118 273 saylovchi imzosini to‘plashi lozim.

Qozog‘istonda muddatidan oldingi prezident saylovi 2022 yil 20 noyabrga belgilangan. 21 oktyabrdan saylovoldi tashviqoti boshlanadi, u 28 kun davom etadi. 19 noyabr - sukunat kuni.

Yangi qonunchilikka ko‘ra, prezident faqat bir marotaba yetti yillik muddatga saylanadi. Qayta saylash taqiqlanadi.

Mavzuga oid
Top