Jahon | 23:46 / 12.10.2022
11402
2 daqiqa o‘qiladi

SpaceX tarixdagi birinchi kosmik sayyohni Oyga yuboradi

Tarixdagi birinchi kosmik sayyoh Dennis Tito yana koinotga uchadi.

Foto: Getty Images

82 yoshli investor rafiqasi Akiko bilan Ilon Mask kemasida Oyga parvoz qiladi. Er-xotin va yana 10 ga yaqin sayyoh parvozi taxminan bir hafta davom etadi. Bunda kosmik kemaning Oyga qo‘nishi ko‘zda tutilmagan. Boshqa yo‘lovchilarning ismi-sharifi, parvoz sanasi va Tito parvoz uchun qancha mablag‘ to‘lagani hozircha oshkor etilmadi.

SpaceX Oyga parvoz qilish uchun Starship kosmik kemasidan foydalanmoqchi, ammo u hali birorta orbital parvozni amalga oshirmagan.

SpaceX bosh direktori Ilon Mask so‘zlariga ko‘ra, kompaniya hali kosmik kemani sinovdan o‘tkazmagan va sayyohlarni Oyga yuborishdan oldin barcha jihozlar bilan ta’minlanishi kerak. Sinov parvozi noyabr oyida amalga oshirilishi mumkin.

«Bu raketa har tomonlama sinovdan o‘tkaziladi. Biz Oyga uchishdan oldin, u yuzlab parvozlarni amalga oshiradi», dedi Dennis Tito. «Biz kelgusi yili uchmaymiz. Biz kutishga majburmiz», — deb qo‘shimcha qildi u.

2002 yilda milliarder Ilon Mask tomonidan asos solingan SpaceX kompaniyasi o‘tgan yili kosmik turizm bozoriga kirdi. 2021 yilda SpaceX Crew Dragon kosmik kemasi uch kun davomida Yer orbitasi bo‘ylab parvoz qilgan edi. 2022 yil aprel oyida kompaniya birinchi marta sayyohlarni Xalqaro kosmik stansiyasiga yetkazdi.

Wilshire Associates investitsiya kompaniyasining asoschilaridan biri Dennis Tito 2001 yilda sayyoh sifatida koinotga parvoz qilgan. U «Soyuz TM-32» kosmik kemasida Yer atrofini 6 kun davomida aylanish uchun 20 million dollar to‘lagan edi. Hozir u 82 yoshda. Demak, agar Oyga parvoz qilsa, koinotda bo‘lgan eng keksa odamga aylanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid