Jahon | 11:15 / 17.10.2022
13750
3 daqiqa o‘qiladi

ISW: «Vagner» Rossiya Mudofaa vazirligidan ustunligini isbotlamoqchi

«Vagner» XHK Rossiya Mudofaa vazirligi (MV) va Rossiyaning quruqlikdagi oddiy kuchlaridan ustunligini isbotlashga urinishda davom etmoqda, deb yozadi Urushni o‘rganish instituti (ISW) o‘zining kundalik sharhida. 

Foto: TASS

«Vagner» XHK 14 oktyabr kuni Telegram'da 80 kishiga bitta bronetransportyor (piyoda askarlarni olib yurish va razvedka uchun belgilangan zirhli avtomashina - BTR) borligi va bu harakatlanish qobiliyatini keskin cheklab qo‘yayotgani haqida shikoyat qilingan video paydo bo‘lganidan so‘ng, Xerson oblastida joylashgan Qora dengiz flotining 126-sohilni qo‘riqlash mudofaa brigadasi harbiy xizmatchilariga to‘rtta yo‘ltanlamas avtomashinani topshirishga qaror qildi. 

Shu bilan birga, sohilni qo‘riqlash mudofaa brigadasi urushning dastlabki kunlaridanoq bu hududda jangovar harakatlarni uzluksiz va o‘zgartirishlarsiz olib borayotganliklari haqida xabar berdi.

ISW qayd etishicha, asosiy jihozlarni Rossiya quruqlikdagi kuchlari bo‘linmalaridan biriga topshirish to‘g‘risidagi qaror Mudofaa vazirligining o‘z askarlarini bunday zaruriy narsalar bilan ta’minlay olmasligiga oid aniq dalil bo‘lishi mumkin. 

«Bu «Vagner» XHK homiysi Yevgeniy Prigojin faol ravishda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga xayrixoh bo‘lishga va o‘z kuchlarini Rossiya Mudofaa vazirligining oddiy qo‘shinlaridan ajratishga harakat qilayotganiga oid oldingi taxminlar fonida alohida e’tiborga loyiq», — deyiladi ISW xabarida.

Bundan oldin Londonda joylashgan Middle East Eye nashri Ukrainadagi yo‘qotishlar tufayli «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) Turkiya, Serbiya, Chexiya, Polsha, Vengriya, Germaniya, Moldova, Kanada va Lotin Amerikasida yollanma askarlarni topish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirgani haqida yozgandi. 

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylashtirilgan tuzilma «Rossiya armiyasining tartibsizligi» tufayli Ukrainada yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. Ishga yollash kampaniyasi Yevropada yashovchi rossiyalik oligarxlar va ularning mahalliy uyushgan jinoiy guruhlar bilan aloqada bo‘lgan vositachilari orqali amalga oshirilayotgani aytiladi. 

Middle East Eye nashriga ko‘ra, chet ellik yollanma askarlar yuqori maosh orqali jalb etilyapti, ularga oyiga 10 ming dollar taklif qilishyapti. Urushdan oldin oylik to‘lovlar 3000 dollardan 5000 dollargacha bo‘lgan, deb yozadi gazeta. Bir Middle East Eye manbasining ta’kidlashicha, «Vagner» XHKga «odatda katta harbiy tajribaga ega bo‘lgan odamlar yollanadi», ammo hozirda harbiylashtirilgan guruh «o‘ldirishga tayyor va pulga muhtoj bo‘lganlarni» jalb etishga harakat qilmoqda.

Mavzuga oid