Ostonadagi sammit doirasida Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Rossiya vositachiligida muzokaralar o‘tkazildi. Bu ikki davlat chegarasida bir necha yildan beri to‘qnashuvlar yuz berib keladi, biroq ularning so‘nggisi oldingilaridan ancha jiddiy bo‘ldi. Tobora o‘z ta’sirini yo‘qotib borayotgan Rossiya bu ikki davlatni yarashtira oladimi?

So‘nggi qarama-qarshilik jiddiy sababsiz boshlandi va tezda katta to‘qnashuvga aylandi

«Ular oldin chegara nizolari boshlanishiga quyidagi sabablarni ko‘rsatar edi: mashina bahsli hududdan o‘tdi va unga tosh otishdi yoki kimdir aniqlanmagan chegara hududida qurilish boshladi kabi. Hozir esa bunday sabablar aytilmadi», — deydi Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis, siyosatshunos Arkadiy Dubnov.

To‘qnashuv 14 sentabr kuni Qirg‘izistondagi Tojikistonga qarashli Vorux anklavi atrofida boshlandi. Tomonlar doimgidek vaziyat keskinlashuvida bir-birini aybladi. Tojikiston rasmiylarining aytishicha, qirg‘iz tomoni «hech qanday asossiz» ularga qarshi o‘t ochgan, qirg‘izlar iddao qilishicha esa, tojiklar bahsli hududga joylashib, ularga qarshi provokatsiya uyushtirgan.

Har ikki davlat prezidenti — ​​Imomali Rahmon va Sadir Japarov o‘sha paytda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida edi.

Ikki kundan so‘ng, ikki tomon ham ilgari kamdan kam qo‘llangan og‘ir harbiy texnikalar: tanklar, minomyotlar, artilleriya va dronlardan foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi. Tojikiston harbiylari Qirg‘izistonning Botken viloyatining ma’muriy markazi bo‘lgan Botken shahrini ilk marta o‘qqa tutdi.

O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlar bir necha bor buzildi va yakuniy kelishuvga faqatgina 19 sentabr kuniga kelib erishildi. Bir necha kundan so‘ng ikki tomon tez-tez to‘qnashuvlar sodir bo‘ladigan to‘rtta chegara postini olib tashlashga kelishib oldi.

10 oktyabr kuni Qirg‘iziston delegatsiyasi chegarani belgilash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Dushanbega bordi.

Sentyabrdagi to‘qnashuv eng qonli chegara mojarosi bo‘ldi

Halok bo‘lganlarning soni aniq emas, biroq kamida yuz nafardan ortiq kishi qurbon bo‘lgani ma’lum. Oxirgi marta, sentabr oyi oxirida Qirg‘iziston hukumati 63 kishi, Tojikiston rasmiylari – 40 dan ortiq odam halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra esa, Tojikiston tomondan 74 kishi halok bo‘lgan. Har ikki tomondan umumiy 300 dan ortiq odam yaralangan.