Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) bo‘yicha so‘nggi ma’lumot 9 oktabr kuni yuz berdi: Qirg‘iziston o‘z hududida ushbu tashkilot tinchlikparvar kuchlarining mashg‘ulotlari o‘tkazilishini xohlamadi. 10-14 oktabr kunlari Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida tashkilotning «Buzilmas birodarlik – 2022» nomli qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq bu amaliyot hech qanday sabab ko‘rsatilmasdan bekor qilindi.

10 oktyabr kuni jurnalistlar Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasida qandaydir kelishmovchilik bor yoki yo‘qligi haqida so‘ragan. Peskov ularga «Yo‘q» deya javob bergan.

KXShTga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi. Issiqko‘l viloyatining Baliqchi shahrida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan mashg‘ulotlarda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini ta’minlash mashq qilinishi rejalashtirilgan edi. Ammo aftidan tashkilotning hamma a’zosi ham KXShTning o‘t ochishni to‘xtata olish qobiliyatiga ishonmaydi. Masalan, sentabr oyi oxirida Armaniston KXShTning Qozog‘istonda bo‘lib o‘tuvchi mashg‘ulotlarida qatnashishdan bosh tortdi.

«Otmaydigan pistolet»

KXShTning harakatlari yoki harakatsizligidan tashkilotga a’zo davlatlardagi ko‘pchilik siyosatchilar norozi. Sentabr oyi o‘rtalarida Yerevanda Armanistonning KXShTdan chiqishi va yangi ittifoqchilar bilan muzokaralar boshlashi talabi qo‘yilgan miting bo‘lib o‘tdi. Bunga KXShTning sentabrda qayta alangalangan Ozarboyjon bilan to‘qnashuv zonasiga harbiy kuchlar yuborish haqidagi Armaniston so‘roviga passiv munosabat bildirgani sabab bo‘ldi. Namoyishchilarni parlament spikeri Alen Simonyan va Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigonyan qo‘llab-quvvatladi.

Simonyan KXShTni «otmaydigan, faqatgina urish yoki ko‘rsatish mumkin bo‘lgan pistolet»ga qiyosladi.

«Shubhasiz, biz juda norozimiz. Umidlar oqlanmadi. Va xalq vakili sifatida, xalq bilan aloqada bo‘lgan holda, biz ularga KXShT nima uchun qilishi kerak bo‘lgan vazifalarini qilmayotganini uzoq vaqt tushuntira olmaymiz. Albatta, biz bundan xulosa chiqarishimiz kerak, biz buni qilyapmiz va allaqachon qilib ham bo‘ldik», — degan Simonyan Armaniston jamoat televideniyesi efirida.

Namoyishlar AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Yerevanga tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Ertasi kuni, 19 sentabrda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari bilan Nyu-Yorkda uch tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi.

«Rossiya endi muhim ishtirokchi bo‘lmaydi»