Jahon | 19:48 / 18.10.2022
7173
2 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lankalik yozuvchi adabiyot bo‘yicha Buker mukofotiga sazovor bo‘ldi

Yozuvchi Shexan Karunatilaka marhum harbiy fotograf haqidagi «Maali Almeydaning yetti oyi» romani uchun adabiyot bo‘yicha Buker mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, muallif 50 ming funt sterling miqdorida pul mukofoti ham oladi.

Foto: Reuters

Shri-Lankalik yozuvchi Shexan Karunatilaka «Maali Almeydaning yetti oyi» romani uchun adabiyot sohasidagi eng nufuzli bo‘lgan Buker mukofotini qo‘lga kiritdi.

Asarning bosh qahramoni harbiy fotograf Maali Almeyda bo‘lib, u o‘limidan keyin o‘z yaqinlarini Shri-Lankani hayratda qoldirishi kerak bo‘lgan fotosuratlar yashirilgan joyga olib borishga harakat qiladi. Asarda Shri-Lankadagi fuqarolar urushining qonli voqealari tasvirlangan.

Qayd qilinishicha, Karunatilaka ilgari reklama kopirayteri bo‘lib ishlagan, qo‘shiqlar, ssenariylar va sayohatlar haqida hikoyalar yozgan.

Yozuvchiga mukofot 17 oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida qirolicha-konsort Kamilla tomonidan topshirildi. Shuningdek, Shexan Karunatilaka 50 ming funt sterling (taxminan 60 ming dollar) miqdoridagi pul mukofotiga ham ega bo‘ldi.

Shexan Karunatilaka ishidan tashqari, bu yilgi mukofot uchun nomzodlar ro‘yxatiga besh mamlakat mualliflarining beshta kitobi ham kiritilgan edi: Novayolet Bulavayo (Glory), Kler Kigan (Small Things Like These), Alan Garner (Treacle Walker), Persival Everett (The Trees), Elizabet Straut (Oh William!).

2021 yilda Janubiy Afrikalik yozuvchi Deymon Gelgut aparteid haqida hikoya qiluvchi «Va’da» (The Promise) romani uchun Buker mukofotini qo‘lga kiritgan edi.

2022 yilda hind yozuvchisi Gitanjali Shri «Qum qabri» (Tomb of Sand) romani uchun xalqaro Buker mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ushbu mukofot boshqa tildan ingliz tiliga o‘girilgan asarlar uchun mo‘ljallangan.

Mavzuga oid